O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 22.04.2021 yildagi O‘RQ-684-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
DAVLAT XARIDLARI TO‘G‘RISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 1-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2021-yil 12-martda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Ushbu Qonunning amal qilish sohasi
Ushbu Qonunning amal qilishi:
O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturida va boshqa davlat dasturlarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan loyihalarni ro‘yobga chiqarish chog‘ida amalga oshiriladigan davlat xaridlariga;
davlat buyurtmachilarining xo‘jalik faoliyatini yuritish chog‘ida amalga oshiriladigan davlat xaridlariga;
O‘zbekiston Respublikasining budjet tizimi budjetlarining, shuningdek budjet tashkilotlarida tashkil etilgan boshqa jamg‘armalarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat xaridlariga;
agar donor mamlakatlarning, xalqaro tashkilotlarning, chet el hukumat va nohukumat tashkilotlarining tartib-taomillarida yoki O‘zbekiston Respublikasiga taqdim etiladigan chet el kreditlarini va chet el grantlarini, texnik ko‘makni va boshqa tashqi beg‘araz ko‘makni taqdim etish shartlarida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilishning boshqacha tartibi belgilanmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan donor mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, chet el hukumat va nohukumat tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalar doirasida taqdim etiladigan chet el grantlari, texnik ko‘mak va boshqa tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘lari hamda O‘zbekiston Respublikasiga beriladigan chet el kreditlari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat xaridlariga. Bunda donor mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, chet el hukumat va nohukumat tashkilotlar tomonidan, belgilangan tartib-taomillarda yoki O‘zbekiston Respublikasiga taqdim etiladigan chet el kreditlarini va chet el grantlarini, texnik ko‘makni va boshqa tashqi beg‘araz ko‘makni taqdim etish shartlarida belgilangan tartib-taomillardan qat’i nazar, davlat xaridlari natijalari to‘g‘risidagi axborot maxsus axborot portalida e’lon qilinadi;
agar moliyaviy, gumanitar yoki xayriya yordamini taqdim etish hamda boshqa beg‘araz, qaytarilmaydigan tarzda moliyalashtirish shartlarida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilishning boshqacha tartibi belgilanmagan bo‘lsa, moliyaviy, gumanitar yoki xayriya yordami hisobidan hamda boshqa beg‘araz, qaytarilmaydigan tarzda moliyalashtiriladigan davlat xaridlariga nisbatan tatbiq etiladi. Bunda moliyaviy, gumanitar yoki xayriya ko‘makni hamda boshqa beg‘araz qaytarilmaydigan moliyalashtirishni taqdim etish shartlarida belgilangan tartib-taomillardan qat’i nazar, davlat xaridlari natijalari to‘g‘risidagi axborot maxsus axborot portalida e’lon qilinadi.
Davlat tomonidan qo‘riqlanishi lozim bo‘lgan shaxslarning xavfsizligini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasida mudofaa qobiliyatini, xavfsizlikni ta’minlash va ichki tartibni saqlash uchun davlat xaridlari, davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lgan davlat xaridlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovlariga, O‘zbekiston Respublikasining referendumlariga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish uchun davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
3-modda. Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik
Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
benefitsiar mulkdor — pirovardida mulk huquqlariga egalik qiladigan yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchini amalda nazorat qiladigan jismoniy shaxs;
boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion — davlat xaridlari elektron tizimining maxsus platformasida davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatli usuli bo‘lib, uni tashkil etish chog‘ida narx g‘olibni aniqlashning yagona mezoni bo‘ladi;
davlat buyurtmachisi — davlat xaridlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
davlat xaridlari — davlat buyurtmachilarining tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) bo‘lgan ehtiyojlarini pulli asosda ta’minlash jarayoni;
davlat xaridlari to‘g‘risidagi shartnoma — davlat buyurtmachisi va davlat xaridlarining ijrochisi o‘rtasidagi davlat xaridlari bo‘yicha huquqlar va majburiyatlarni belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi kelishuv;
davlat xaridlarining subyektlari — davlat buyurtmachisi, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi, davlat xaridlarining ijrochisi, xarid komissiyasi, davlat xaridlari elektron tizimining operatori, ixtisoslashgan tashkilot va ekspert, ekspert tashkiloti;
dastlabki malaka tanlovi — xarid qilish hujjatlarida belgilangan texnik, iqtisodiy, tashkiliy va boshqa o‘ziga xos xususiyatlarga muvofiq bo‘lgan xarid qilish tartib-taomillarini o‘tkazishga qo‘yiladigan malakali xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarini tanlab olishning xarid komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan tartib-taomili;
zaxiradagi g‘olib — xarid qilish tartib-taomillari yakunlari bo‘yicha xarid komissiyasining qaroriga muvofiq g‘olibning taklifidan keyingi eng maqbul taklifni taqdim etgan deb topilgan xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi;
tender — davlat xaridini amalga oshirishning raqobatli tartib-taomili vositasida davlat xaridlarining ijrochisini aniqlash tartib-taomilini nazarda tutuvchi tanlov bo‘lib, uning natijalariga ko‘ra davlat xaridlari to‘g‘risidagi shartnomani bajarishning eng yaxshi shartlarini taklif etgan xarid qilish tartib-taomillarining ishtirokchisi g‘olib deb topiladi;
xarid qilish tartib-taomili — davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq harakatlar majmui;
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisining affillangan shaxsi — qaror qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan va (yoki) xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi tomonidan qarorlar qabul qilishga ta’sir ko‘rsatadigan, shu jumladan yozma kelishuv asosida ta’sir ko‘rsatadigan jismoniy yoki yuridik shaxs, shuningdek xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisiga nisbatan shunday huquqqa ega bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
Shartnomalarning yagona reyestri — davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ tomonidan maxsus axborot portalida yuritiladigan, davlat buyurtmachilari tomonidan tuzilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi shartnomalarning reyestri;
elektron davlat xaridlari — axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda davlat xaridlarini amalga oshirish shakli;
elektron do‘kon — davlat xaridlarining elektron tizimidagi maxsus maydonda savdolarni elektron shaklda amalga oshirishni nazarda tutuvchi, maxsus talablar qo‘yilmaydigan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatli usuli;
eng yaxshi takliflarni tanlash — xarid qilish tartib-taomillarining bir nechta ishtirokchisidan olingan takliflarni taqqoslash asosida davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatli usuli;
e’lon — davlat xaridlarini amalga oshirish usuli, talablari va shartlari, takliflarni taqdim etish muddatlari hamda tartibi ko‘rsatilgan, maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga davlat buyurtmachisi tomonidan joylashtiriladigan bo‘lajak davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborot;
g‘olib — xarid qilish tartib-taomillari yakunlariga ko‘ra taklifi eng maqbul deb topilgan xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi.
5-modda. Davlat xaridlarining asosiy prinsiplari
Davlat xaridlarining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
kasbiy mahorat va mas’uliyatlilik;
asoslanganlik;
moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi;
ochiqlik va shaffoflik;
raqobat va xolislik;
mutanosiblik;
davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligi;
korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik.
Davlat xaridlarining asosiy prinsiplari davlat xaridlari jarayonining barcha bosqichlarida qo‘llanilishi kerak.
6-modda. Kasbiy mahorat va mas’uliyatlilik prinsipi
Davlat buyurtmachisi, davlat xaridlari elektron tizimining operatori, ixtisoslashgan tashkilot mas’ul shaxslarining kasbiy mahorati tegishli bo‘linmalar xodimlariga nisbatan soha bo‘yicha ma’lumoti bo‘lishi, malakasini muntazam ravishda oshirishi, bosqichma-bosqich amaliy tajribaga ega bo‘lib borishi va kasbiy faoliyati to‘g‘risidagi talablarni belgilash yo‘li bilan ta’minlanadi.
Davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan shaxsni belgilashi shart.
Kasbiy mahoratga ega bo‘lish maqsadida xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan shaxsning malakasini muntazam ravishda oshirib borish davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ tomonidan o‘qitishni tashkil etish orqali ta’minlanadi.
Manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lgan taqdirda, xarid qilish tartib-taomilini tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan shaxs bajariladigan vazifalardan chetlashtirilishi lozim.
7-modda. Asoslanganlik prinsipi
Davlat xaridlari davlat buyurtmachisining o‘z oldida turgan vazifalarni hal etishni ta’minlaydigan haqiqiy talablari va ehtiyojlarini samarali qanoatlantirish uchun davlat xaridlarini o‘tkazishning maqsadga muvofiqligi va zarurligi, tovarni (ishni, xizmatni) tanlashning, uning iste’mol xususiyatlari (tavsifi), sifat ko‘rsatkichlarining va qiymatining asoslanganligi hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.
8-modda. Moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi prinsipi
Davlat xaridlari:
davlat buyurtmachisining davlat xaridlarini o‘tkazish xarajatlarini va tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymatini hisobga olish;
davlat xaridlari uchun ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanish, shu jumladan, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) olishdan ko‘rilgan naf, ularning sifati va qiymati o‘rtasidagi maqbul nisbatni (foydalanish davri xarajatlarini hisobga olgan holda) ta’minlash;
davlat xaridlarini maqbul muddatlarda o‘tkazish imkonini beradigan oqilona va tejamkor usulda amalga oshirilishi kerak.
9-modda. Ochiqlik va shaffoflik prinsipi
Davlat xaridlarining ochiqligi va shaffofligi:
tegishli davlat organlariga, davlat xaridlarining subyektlariga va jamoatchilikka davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborotdan qonunchilikda belgilangan tartibda to‘liq, o‘z vaqtida, erkin va bepul foydalanish imkoniyatini ta’minlagan holda uni maxsus axborot portaliga joylashtirish;
xarid qilish tartib-taomillariga doir hujjatlarni va hisobotlarni tuzish hamda but saqlashni ta’minlash orqali amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyuldagi PQ-5171-sonli “Davlat xaridlari shaffofligini ta’minlash va samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori.
10-modda. Raqobat va xolislik prinsipi
Davlat xaridlaridagi raqobat xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari o‘rtasidagi, davlat xaridlari elektron tizimlarining operatorlari o‘rtasidagi va ixtisoslashgan tashkilotlar o‘rtasidagi tortishuv, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini ko‘rib chiqishda hamda xolis va asosli mezonlar asosida eng maqbul taklif foydasiga yakuniy qaror qabul qilishda beg‘arazlik va shaffoflik mexanizmlaridan foydalanish hisobidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Davlat xaridlarining xolisligi xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini ko‘rib chiqishdagi, shuningdek eng maqbul variant foydasiga yakuniy qaror qabul qilishdagi beg‘arazlikni nazarda tutadi.
Davlat xaridlarining xolisligi:
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilariga teng imkoniyatlarni ta’minlashga;
davlat xaridlari subyektlari o‘rtasida raqobatni va ularga nisbatan beg‘arazlikni ta’minlaydigan shart-sharoitlarni yaratishga;
davlat xaridlari jarayonida shikoyatlar, nizolar va kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqishning hamda tegishli chora-tadbirlar ko‘rishning ochiq, oshkora va tortishuv mexanizmlariga asoslanadi.
11-modda. Mutanosiblik prinsipi
Davlat xaridlarida mutanosiblik:
davlat xaridlarini amalga oshirish usulining tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) xavf-xatariga, qiymatiga, xususiyatiga va murakkabligiga;
talablarning xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari malakasiga oid ma’lumotlarga, takliflarni baholash mezonlari va usullarining tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga);
davlat xaridlari subyektlarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi ularning o‘z vazifalariga mosligi bilan ta’minlanadi.
12-modda. Davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligi prinsipi
Davlat xaridlari maqsadlar, prinsiplar va yondashuvlarning yagonaligiga, davlat xaridlari jarayoni barcha bosqichlarining yaxlitligi va o‘zaro aloqadorligiga hamda davlat xaridlari barcha subyektlarining hamkorligiga asoslanadi.
Davlat xaridlarining yagonaligi va yaxlitligi:
davlat xaridlarini tartibga soluvchi yagona va yaxlit normativ-huquqiy baza hamda uni bir xilda qo‘llash;
davlat xaridlarining davlat xaridlari to‘g‘risidagi barcha axborotni to‘plash, unga ishlov berish va uni tahlil qilishni hamda barcha manfaatdor shaxslarga undan foydalanishni ta’minlaydigan yagona, yaxlit va kompleks axborot tizimi mavjudligi;
davlat xaridlariga oid hujjatlarni birxillashtirish;
xalqaro standartlarga uyg‘un tarzda tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) standartlashtirilgan yagona milliy klassifikatorini joriy etish;
davlat xaridlarini rejalashtirish va amalga oshirishni, davlat xaridlari to‘g‘risidagi shartnomalarni tuzish va ijro etishni, monitoringni va nazoratni amalga oshirishni, nizolar hamda kelishmovchiliklar ustidan shikoyat qilish va ularni ko‘rib chiqishni, davlat xaridlari subyektlarining kasbiy mahorati darajasi va mas’uliyati oshirilishining tashkil etilishini ta’minlovchi yagona infratuzilmaning mavjudligi bilan ta’minlanadi.
13-modda. Korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsipi
Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazishga doir talablar davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Bunda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ustuvor bo‘ladi.
Davlat buyurtmachilari davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillari to‘g‘risidagi axborotning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashi kerak.
Davlat xaridlarida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik:
insofli raqobatni va qarorlar qabul qilish chog‘ida xolisona mezonlardan foydalanilishini;
monitoring va nazorat o‘tkazishning, shu jumladan ichki monitoring va nazorat o‘tkazishning samarali tizimi yaratilishini;
ushbu Qonun va davlat xaridlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlari talablarining buzilishi hollari to‘g‘risidagi ma’lumotlar axborotning ochiq manbalarida e’lon qilib borilishini;
davlat xaridlari tartib-taomillari ushbu Qonunda belgilangan talablarga muvofiq o‘tkazilishini ta’minlash yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Qonunchilikda davlat xaridlarini amalga oshirish sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir boshqa chora-tadbirlar ham nazarda tutilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasi.
14-modda. Manfaatlar to‘qnashuvi
Manfaatlar to‘qnashuvi bevosita yoki bilvosita shaxsiy manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda uning shaxsiy manfaatdorligi bilan davlat xaridlari subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga keladigan yoxud yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday vaziyatdir, shuningdek affillanganlikning mavjud bo‘lishi.
Davlat buyurtmachisining, davlat xaridlari elektron tizimi operatorining, ixtisoslashgan tashkilotning, ekspert tashkilotining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari, shuningdek xarid komissiyasining a’zolari hamda ekspertlar xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda o‘z ishtirokidagi davlat xaridlariga doir bitimning natijasi bo‘lgan har qanday shaxsiy foydani bevosita yoki bilvosita olish huquqiga ega emas.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar:
xarid qilish tartib-taomillarni amalga oshirishda boshqa xarid qilish tartib-taomillari subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazadigan hamda ushbu huquqlar va qonuniy manfaatlarni cheklaydigan har qanday manfaatlar to‘qnashuvi ko‘rinishlarining oldini olishi shart;
har qanday ehtimol tutilgan, taxmin qilinayotgan yoki mavjud manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi axborotning oshkor qilinishini kafolatlashi kerak.
Mavjud bo‘lgan yoki taxmin qilinayotgan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar topgan, ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar bu haqda bevosita rahbarini hamda davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organni xabardor etishi shart. Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risidagi axborotlarni olgan rahbar uning oldini olish yoki uni bartaraf etish bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rishi va davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organni ko‘rilgan choralar to‘g‘risida xabardor qilishi shart. Davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risidagi axborotni olgach, ushbu Qonunga muvofiq davlat nazoratini amalga oshiruvchi davlat organlariga tegishli axborotni kiritishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi.
15-modda. Maxfiylik
Davlat buyurtmachisining yoki davlat xaridlari elektron tizimi operatorining xodimi o‘zining davlat xaridlari ijrochilari yoki har qanday boshqa shaxs bilan munosabatlarida, agar bunday axborotni oshkor etmaslik davlat xavfsizligi manfaatlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lsa yoki agar bunday axborotning oshkor etilishi qonunchilikka zid bo‘lsa, ularga rioya etilishini ta’minlashga monelik qilsa, davlat xaridlari subyektlarining qonuniy manfaatlariga zarar yetkazsa yoxud insofli raqobatga to‘sqinlik qilsa, agar davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ bunday axborotni oshkor etish to‘g‘risida qaror qabul qilmasa, hech bir axborotni oshkor etishga haqli emas.
Davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ bunday axborotni oshkor etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan taqdirda, ushbu qarorning shartlariga rioya etiladi.
Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etib, uning xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etishi bilan bog‘liq taklifda o‘zi ko‘rsatgan barcha ma’lumotlarning e’lon qilinishiga rozilik bildiradi.
2-bob. Davlat xaridlari sohasini davlat tomonidan tartibga solish
16-modda. Davlat xaridlari sohasini davlat tomonidan tartibga solishning asosiy maqsadlari
Davlat xaridlari sohasini davlat tomonidan tartibga solishning asosiy maqsadlari:
davlatning strategik maqsadlari va vazifalariga erishish;
davlat buyurtmachilarining tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini va boshqa davlat dasturlarini bajarish;
davlatning ijtimoiy vazifalarni hal qilish bo‘yicha funksiyalarini bajarish;
davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun davlat xaridlari subyektlariga qulay muhitni shakllantirishdan, shuningdek davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiyaga va qonunchilikning boshqacha tarzda buzilishlariga qarshi kurashishdan iborat.
Davlat xaridlarini amalga oshirishda ijtimoiy-iqtisodiy siyosat ustuvorliklari, shu jumladan yuqori texnologik va innovatsion ishlab chiqarishlarning yaratilishi, qulay ekologik vaziyatning saqlanishi hisobga olinadi.
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlarida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda kamida uchta mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etsa, agar O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlariga ko‘ra ushbu mahalliy ishlab chiqaruvchilarga takliflarni baholashda foydalaniladigan imtiyozlar va preferensiyalar berilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining ehtiyojlarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi chet davlatlar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin. Bunday davlat xaridini amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida belgilanadi.
17-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining davlat xaridlari sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
davlat xaridlari sohasida davlat siyosati shakllanishi va amalga oshirilishini ta’minlaydi;
davlat xaridlari sohasida budjet tizimi budjetlari mablag‘laridan oqilona foydalanish, xarid qilish tartib-taomillari turlarini takomillashtirish va ularning qo‘llanilishini kengaytirish, shuningdek tadbirkorlik subyektlarining keng ishtirokini ta’minlash yuzasidan choralar ko‘radi;
davlat buyurtmachilarining davlat xaridlari sohasidagi faoliyati ustidan nazorat bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi;
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini baholash va taqqoslash usullarini hamda mezonlarini, shuningdek ular o‘tkazilishini tashkil etish tartibini belgilaydi;
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari tomonidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish va tenderda ishtirok etish uchun elektron shaklda takliflar berish tartibini belgilaydi;
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya tarkibini tasdiqlaydi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasining (yangi tahrirdagi) “Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonuni.
18-modda. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining davlat xaridlari sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organdir (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi).
Vakolatli organ:
davlat xaridlari sohasida davlat tomonidan tartibga solishni va davlat siyosatini amalga oshiradi;
davlat xaridlarini tashkil etish va o‘tkazish tizimini, shu jumladan, elektron tizimni rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish hamda ro‘yobga chiqarishning samaradorligi va ochiqligini oshirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
davlat xaridlari elektron tizimi operatorlarini hamda ularning davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirishga taalluqli faoliyati tartibini, shuningdek maxsus axborot portali faoliyati tartibini belgilaydi;
davlat xaridlarining elektron tizimiga nisbatan talablarni belgilaydi;
iqtisodiy jihatdan eng foydali taklifni baholash usulini qo‘llash tartibini (baholashning narxga asoslanmagan mezonlarini) ishlab chiqadi;
davlat xaridlari bo‘yicha axborotni joylashtirish, oshkor qilish va undan foydalanish tartibini hamda hajmlarini, shuningdek tovarga (ishga, xizmatga) hamda davlat xaridlarini amalga oshirish usuliga qarab e’lon qilishga doir qo‘shimcha talablarni belgilaydi;
xarid qilish tartib-taomillarini o‘tkazish to‘g‘risidagi e’lonlarning, xarid qilish hujjatlarining namunaviy shakllarini tasdiqlaydi;
Insofsiz ijrochilarning yagona reyestrini shakllantirish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
Shartnomalarning yagona reyestrini yuritish tartibini belgilaydi;
davlat xaridlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning bajarilishi ustidan monitoring va nazoratni ta’minlaydi;
davlat xaridlari subyektlaridan axborotlarni so‘rab oladi, jamlaydi, ularni tahlil qiladi va hisobotlarni shakllantiradi;
davlat xaridlari sohasida xarid qilish va korrupsiyaga qarshi kurashish standartlari bo‘yicha sertifikatlashtirish tizimini joriy etishga doir takliflarni ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritadi.
3-bob. Davlat xaridlarining subyektlari
19-modda. Davlat buyurtmachilari
Ushbu Qonun maqsadlari uchun davlat buyurtmachilari deganda quyidagilar tushuniladi:
1) budjet buyurtmachilari:
davlat organlari va muassasalari;
budjet tashkilotlari;
xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladigan budjet mablag‘larini oluvchilar;
davlat maqsadli jamg‘armalari;
budjet tashkilotlarida tashkil etilgan boshqa jamg‘armalar;
2) korporativ buyurtmachilar:
davlat korxonalari;
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar;
ustav fondida (ustav kapitalida) ushbu moddaning 2-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar;
ustav fondida (ustav kapitalida) ushbu moddaning 2-bandi to‘rtinchi xatboshisida ko‘rsatilgan tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar.
Korporativ buyurtmachilar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan yuritiladi va axborot almashinuvi orqali maxsus axborot portalida shakllantiriladi.
Davlat buyurtmachisi:
mustaqil ravishda yoki ixtisoslashgan tashkilotni jalb etgan holda tovarning (ishning, xizmatning) boshlang‘ich narxini belgilash, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno;
davlat xaridlarini amalga oshirishda o‘z rasmiy veb-saytiga yoki o‘zining yuqori turuvchi organi rasmiy veb-saytiga, shuningdek ommaviy axborot vositalariga e’lon joylashtirish;
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilaridan eng yaxshi takliflarni tanlashni va tenderni o‘tkazishda davlat xaridlari to‘g‘risidagi shartnoma (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) tuzish va (yoki) shartnoma majburiyatlarini bajarish bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlaydigan zakalat yoki bank kafolatini kiritishni talab qilish;
xarid qilish tartib-taomillarining barcha ishtirokchilariga tatbiq etiladigan takliflarni taqdim etish muddatlarini uzaytirish;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari takliflarining amal qilish muddatini muayyan davrga uzaytirish to‘g‘risidagi taklif bilan ularga murojaat qilish huquqiga ega.
Davlat buyurtmachisi qonunchilikka va o‘zi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Davlat buyurtmachisi:
davlat xaridlarini rejalashtirishi;
ushbu Qonunga muvofiq xarid qilish tartib-taomili turini tanlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi;
qonunchilikda belgilangan tartibda davlat xaridlarini amalga oshirishi;
davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborotni qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda maxsus axborot portaliga joylashtirishi;
xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining tovarlar (ishlar, xizmatlar) va davlat xaridlarining tartib-taomillari bilan bog‘liq so‘rovlari bo‘yicha ularga qonunchilikka muvofiq tushuntirishlar berishi;
xarid qilish tartib-taomillarining g‘olib deb topilgan ishtirokchilari bilan shartnomalar tuzishi, shuningdek ularning ijro etilishini ta’minlashi;
davlat xaridlarini amalga oshirishda affillanganlik to‘g‘risidagi axborotni taqdim etishi;
bo‘lajak davlat xaridlari to‘g‘risidagi e’lonlarni faqat moliyalashtirish manbalari va miqdorlari mavjudligi tasdiqlangan taqdirdagina maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga va ommaviy axborot vositalariga joylashtirishi shart.
Korporativ buyurtmachilar o‘zi amalga oshirgan davlat xaridlari to‘g‘risida vakolatli organga har chorakda axborot taqdim etadi.
Davlat buyurtmachisining zimmasida qonunchilikka va o‘zi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Davlat buyurtmachisining davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan majburiyatlari va vazifalari davlat buyurtmachisining rahbariyati, xarid komissiyalari va xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan davlat buyurtmachisining tarkibiy bo‘linmalari yoki alohida xodimlari tomonidan amalga oshirilishi kerak.
20-modda. Xarid komissiyasi
Xarid komissiyasi xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish chog‘ida davlat buyurtmachisi tomonidan shakllantiriladigan, ushbu tartib-taomillarni o‘tkazish tartibida shakllantirilishi talab etiladigan kollegial organdir.
Xarid komissiyasi ishining asosiy maqsadi xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini buyurtmaga muvofiqlik darajasi bo‘yicha xolis baholashdan va tartibga solishdan hamda davlat xaridlari raqobatlashuv usullari orqali amalga oshirilganda g‘olibni (g‘oliblarni) tanlashdan iborat.
Xarid komissiyasi davlat buyurtmachisi huzurida faoliyat ko‘rsatadigan, davlat buyurtmachisining tegishli qarorlari bilan shakllantiriladigan va tarqatib yuboriladigan organdir.
Xarid komissiyasi toq sonli a’zolardan iborat bo‘ladi, uning a’zolari tarkibi va soni xarid qilish tartib-taomilining turiga bog‘liq bo‘ladi hamda qonunchilikka muvofiq va olinayotgan tovarning (ishning, xizmatning) xususiyatlari inobatga olingan holda o‘zgartirilishi mumkin.
Xarid komissiyasi a’zolari xolis bo‘lishi va xarid qilish tartib-taomili g‘olibini tanlashdan shaxsan manfaatdor bo‘lmasligi kerak.
Xarid komissiyasining ishiga rais rahbarlik qiladi, u xarid komissiyasi majlislarini chaqiradi va olib boradi, ovozga qo‘yishni va xarid komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlarni e’lon qiladi, shuningdek xarid komissiyasi majlislarining bayonnomalarini imzolaydi. Xarid komissiyasi raisi yo‘qligida uning vazifalarini o‘rinbosari bajaradi.
Xarid komissiyasining tezkor faoliyatini uning ovoz berish huquqiga ega bo‘lmagan mas’ul kotibi tashkil etadi.
Xarid komissiyasining har bir a’zosi ovoz berishda yoqlab ovoz berishi, qarshi ovoz berishi yoki unda ishtirok etishdan bosh tortishi mumkin. Xarid komissiyasining raisi ovoz berishda ishtirok etishdan bosh tortish huquqiga ega emas.
Xarid komissiyasining majlislari xarid komissiyasi a’zolari hozirligida yuzma-yuz o‘tkaziladi. Yuzma-yuz majlislar videokonferensiyalar (telekonferensiyalar va hokazo) shaklida o‘tkazilishi mumkin.
Xarid komissiyasi eng yaxshi takliflarni tanlashni va tenderni elektron shaklda o‘tkazish chog‘ida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalaridan foydalangan holda masofadan turib ovoz berish huquqiga ega.
Xarid komissiyasi davlat xaridlarining predmetidan kelib chiqqan holda, o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun ekspertlarni, shuningdek boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar va davlat buyurtmachisining yuqori turuvchi tashkiloti mutaxassislarini jalb etish mumkin.
Vakolatli organ vakilini boshqa davlat buyurtmachisining xarid komissiyasi tarkibiga kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xarid komissiyasi to‘g‘ri shakllantirilishi uchun davlat buyurtmachisi mas’uldir.
Xarid komissiyasi qarori xarid komissiyasi a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda xarid komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz bo‘ladi.
Xarid komissiyasi a’zolarida xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari bilan affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjud bo‘lgan taqdirda, xarid komissiyasining bunday a’zosi bu masala ko‘rib chiqilgan majlisda o‘zini o‘zi rad etishi va mazkur masala bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etmasligi kerak, bu haqda xarid komissiyasi majlisining bayonnomasida qayd etiladi.
Agar xarid komissiyasiga mazkur komissiya a’zosining affillanganligi mavjudligi tegishli masala yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar ma’lum bo‘lib qolgan bo‘lsa, uning o‘zi esa o‘zini o‘zi rad etmagan bo‘lsa, bunday a’zoning mazkur masala bo‘yicha ovoz berishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar xarid komissiyasiga tegishli masala bo‘yicha ovoz bergan mazkur komissiya a’zosining affillanganligi mavjudligi qaror qabul qilinganidan keyin ma’lum bo‘lib qolgan bo‘lsa, bunday a’zoning ovozi mazkur masala bo‘yicha ovoz berish natijalaridan chiqarib tashlanadi.
Xarid komissiyasi quyidagi vazifalarni bajaradi:
xarid qilish hujjatlarini kelishadi;
takliflar qabul qilish muddatlarini belgilaydi;
takliflarni ochish tartib-taomillarini belgilaydi;
takliflarni baholash mezonlarini va usullarini belgilaydi;
zarur bo‘lganda taklif kiritish tartibini, hajmini va uni ta’minlash shaklini belgilaydi;
xarid qilish tartib-taomili ishtirokchilarining takliflarini ochishni amalga oshiradi;
dastlabki malaka tanlovini o‘tkazadi, agar xarid qilish hujjatlari shartlarida bu nazarda tutilgan bo‘lsa;
zarur bo‘lganda dastlabki malaka tanlovi natijalarini hisobga olgan holda qaror qabul qiladi;
zarur bo‘lganda baholash guruhini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
xarid qilish tartib-taomillarini ushbu Qonunga muvofiq amalga oshiradi;
xarid qilish tartib-taomillarining raqobatlashuv turlari g‘olibini va zarur bo‘lganda zaxiradagi g‘olibni belgilaydi yoki savdoni amalga oshmagan deb topadi.
Xarid komissiyasi davlat xaridlari ijrochisini aniqlash tartib-taomillarining davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi, o‘zi qabul qilayotgan qarorlarning asosliligi va beg‘arazligi uchun javobgar bo‘ladi.
Xarid komissiyasi davlat xaridlarining boshqa subyektlari tomonidan amalga oshiriladigan harakatlar uchun javobgar bo‘lmaydi.
Xarid komissiyasi tomonidan o‘z vakolati doirasida qabul qilinadigan qarorlar davlat buyurtmachisi va xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari uchun majburiydir.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-maydagi 276-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
21-modda. Ixtisoslashgan tashkilot
Ixtisoslashgan tashkilot davlat buyurtmachisining topshirig‘iga ko‘ra tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlarini amalga oshirishni tashkil etish bo‘yicha shartnomaga asosan pulli asosda xizmatlar ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lgan yuridik shaxsdir.
Davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomillarini o‘tkazishni tashkil etish maqsadida ixtisoslashgan tashkilotni jalb qilishga haqli.
Shartnomaning muhim shartlarini belgilash va shartnomani imzolash faqat davlat buyurtmachisi tomonidan amalga oshiriladi.
Ixtisoslashgan tashkilotni jalb qilish ushbu Qonunda belgilangan talablar va mezonlar asosida davlat buyurtmachisi tomonidan amalga oshiriladi.
Ixtisoslashgan tashkilotlar davlat xaridlarini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi kerak:
yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lishi;
ixtisoslashgan tashkilotning muassislari orasida davlat xaridining boshqa subyektlari bo‘lmasligi;
davlat xaridlarini o‘tkazishni tashkil etish bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lgan bir nafardan kam bo‘lmagan xodimga ega bo‘lishi;
maxsus axborot portaliga ulanish imkonini ta’minlovchi dasturiy-texnik vositalarga ega bo‘lishi.
Ixtisoslashgan tashkilot davlat buyurtmachisidan xarid tartib-taomillarini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun zarur axborotni olish huquqiga ega, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Ixtisoslashgan tashkilot:
davlat buyurtmachisining talabiga binoan xarid qilish tartib-taomillarini o‘tkazishni tashkil etishning istalgan bosqichida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot taqdim etishi;
davlat xaridlarining asosiy prinsiplariga rioya etgan holda xizmatlar ko‘rsatishi;
davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organning, Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning so‘roviga ko‘ra ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi to‘g‘risidagi axborotni taqdim etishi;
xarid qilish tartib-taomillarining insofsiz ishtirokchilarning davlat xaridlarida ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rishi;
har bir davlat xaridi uchun xarid qilish tartib-taomillarini o‘tkazishni tashkil etish uchun mas’ul bo‘lgan shaxsni belgilashi;
xarid qilish tartib-taomillarini ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari talablari asosida tashkil etishi shart.
Ixtisoslashgan tashkilot quyidagi xizmatlarni ko‘rsatadi:
tovarning (ishning, xizmatning) boshlang‘ich narxini aniqlaydi, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno;
marketing tadqiqotlarini va boshqa tadqiqotlarni o‘tkazadi;
reklama ishlarini tashkil etadi;
xarid qilish tartib-taomillarini o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnomalar, e’lonlar matnlarini, xarid qilish hujjatlarini rasmiylashtiradi;
xarid qilish tartib-taomillari talablari, shartlari va ular bo‘yicha tushuntirishlar matnlarini qonunchilikka muvofiq tayyorlaydi;
davlat buyurtmachisiga xarid qilish tartib-taomilining turini taklif qiladi;
davlat buyurtmachisining yozma murojaatiga ko‘ra davlat xaridlarining tartibi va muddatlari to‘g‘risidagi axborotni davlat xaridlarining elektron tizimiga va maxsus axborot portaliga qonunchilikka muvofiq joylashtiradi;
g‘oliblar bilan imzolanadigan shartnomalar loyihalarini tayyorlaydi;
davlat buyurtmachisining yozma topshirig‘iga ko‘ra bo‘lajak davlat xaridlari to‘g‘risidagi e’lonlarni faqat moliyalashtirish manbalari mavjudligi tasdiqlangan taqdirda, joylashtiradi;
davlat buyurtmachisining yozma topshirig‘iga ko‘ra xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilariga o‘z takliflarining amal qilish muddatini muayyan muddatga uzaytirish to‘g‘risidagi taklif bilan murojaat qiladi;
xarid komissiyasi majlislarining bayonnomalarini rasmiylashtiradi;
xarid qilish tartib-taomillarini o‘tkazish yakunlari bo‘yicha hisobotlar tuzadi;
xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etish uchun taklifnomalar yuborilishini ta’minlaydi.
Ixtisoslashgan tashkilot yoki uning affillangan shaxsi o‘zi tashkilotchi bo‘lgan xarid qilish tartib-taomilida xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi sifatida qatnashishi mumkin emas.
Davlat buyurtmachisi ixtisoslashgan tashkilotni ushbu moddada belgilangan talablarga muvofiq jalb etish uchun javobgardir.
Davlat xaridlarining amalga oshirilishi chog‘ida ixtisoslashgan tashkilot tomonidan ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari talablari buzilgan hollarda javobgarlik davlat buyurtmachisi va ixtisoslashgan tashkilot zimmasiga yuklatiladi.
22-modda. Ekspert, ekspert tashkiloti
Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va amalga oshirish jarayonida maslahat va (yoki) takliflarni ko‘rib chiqish, baholash hamda taqqoslash bo‘yicha xulosa olish uchun ekspertlar yoki ekspert tashkilotlari tegishli shartnoma asosida jalb etilishi, shu jumladan tekin asosda jalb etilishi mumkin.
Ekspert maslahat xizmatlarini ko‘rsatish va (yoki) xulosa berish uchun davlat xaridlari predmeti bilan bog‘liq sohada maxsus bilimlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxsdir.
Ekspert tashkiloti xodimlari maslahat xizmatlarini ko‘rsatish va (yoki) xulosa berish uchun davlat xaridlari predmeti bilan bog‘liq sohada maxsus bilimlarga ega bo‘lgan yuridik shaxsdir.
Ekspert, ekspert tashkiloti xizmatlarni davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etgan holda ko‘rsatishi shart.
23-modda. Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi
Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi (bundan buyon matnda ishtirokchi deb yuritiladi) xarid qilish tartib-taomilida davlat xaridlarini bajarish uchun talabgor sifatida ishtirok etayotgan, O‘zbekiston Respublikasining rezidenti yoki norezidenti bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxsdir.
Ishtirokchi:
davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborotdan qonunchilikda nazarda tutilgan hajmda foydalanish;
davlat buyurtmachisiga yoki ushbu buyurtmachi tomonidan jalb etilgan ixtisoslashgan tashkilotga muayyan davlat xaridlarining tartib-taomillari, ularni o‘tkazish talablari va shartlari bo‘yicha so‘rovlar berish hamda ulardan tushuntirishlar olish;
xarid komissiyasi tomonidan takliflar ochilayotganda belgilangan tartibda ishtirok etish;
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaga xarid qilish tartib-taomillari natijalari yuzasidan shikoyat qilish;
qonunchilikka muvofiq takliflarga o‘zgartirishlar kiritish yoki ularni qaytarib olish huquqiga ega.
Ishtirokchi:
davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
xarid qilish hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lgan takliflar va hujjatlarni taqdim etishi hamda taqdim etilgan axborotning ishonchliligi uchun javobgar bo‘lishi;
asosiy benefitsiar mulkdor to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etishi;
g‘olib deb topilgan taqdirda, davlat buyurtmachisi bilan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda shartnoma tuzishi shart.
Ishtirokchi va uning affillangan shaxsi elektron do‘kon, auksion, eng yaxshi takliflarni tanlash va tender bo‘yicha ayni bitta lotda ishtirok etish huquqiga ega emas.
24-modda. Davlat xaridlarining ijrochisi
Davlat xaridlarining ijrochisi (bundan buyon matnda ijrochi deb yuritiladi) xarid qilish tartib-taomillari yakunlari bo‘yicha g‘olib deb topilgan va o‘zi bilan davlat xaridlari to‘g‘risida shartnoma tuzilgan ishtirokchidir.
Ijrochi:
davlat buyurtmachisi bilan tuzilgan shartnomani bajarish jarayonida tushuntirishlar olish uchun unga murojaat qilish;
yetkazib berilgan tovar (ish, xizmat) uchun haq olish;
shartnoma shartlariga muvofiq va (yoki) qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda shartnomani bekor qilish huquqiga ega.
Ijrochi:
qonunchilik talablariga rioya etishi;
shartnomani uning shartlariga muvofiq bajarishi;
asosiy benefitsiar mulkdor to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etishi;
shartnomani bajarish jarayonida davlat buyurtmachisiga yoki vakolatli davlat organiga uning so‘rovi bo‘yicha tushuntirishlar va axborot berishi shart.
25-modda. Davlat xaridlari elektron tizimining operatori
Davlat xaridlari elektron tizimining operatori davlat xaridlarining subyektlariga davlat xaridlarining elektron tizimlarida xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatadigan, davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ tomonidan belgilanadigan maxsus vakolatli yuridik shaxsdir.
Davlat xaridlari elektron tizimining operatori:
davlat xaridlari elektron tizimining uzluksiz ishlashini, unga joylashtirilgan axborotning but saqlanishini va bir butunligini, o‘z elektron resursining tegishli davlat boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlari va axborot tizimlari hamda maxsus axborot portali bilan belgilangan tartibda uyg‘un ishlashini ta’minlaydi;
qonunchilikka muvofiq axborotning elektron shaklda saqlanishini, shu jumladan elektron hujjatlar va elektron xabarlarning saqlanishini ta’minlash, shuningdek xarid qilish tartib-taomillarini o‘tkazishda davlat xaridlarining elektron tizimini to‘g‘ri ishlashi uchun javobgar bo‘ladi;
o‘z elektron resursini O‘zbekiston Respublikasi hududidagi apparat-texnika vositalariga joylashtiradi;
vakolatli organ, davlat xaridlari jarayonida ishtirok etayotgan boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi.
Davlat xaridlari elektron tizimining operatori:
ishtirokchi, ijrochi sifatida, shuningdek o‘zining elektron tizimida davlat buyurtmachisi sifatida davlat xaridlarida ishtirok etishga, ularning affillangan shaxsi bo‘lishga;
davlat xaridlarini amalga oshirish va narx belgilash jarayoniga aralashishga, kontragentlarni tanlashda va shartnomalar tuzishda davlat xaridlari subyektlarining erkinligini cheklashga, shuningdek davlat xaridlari subyektlarining huquqlarini boshqacha tarzda cheklashga, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
uzatiladigan, olinadigan va saqlanadigan elektron hujjatlar hamda elektron xabarlarning ishonchliligini, shuningdek agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ularning qonunchilikka muvofiqligini nazorat qilishga yoki tekshirishga;
davlat xaridlari subyektlari tomonidan joylashtiriladigan elektron hujjatlar va elektron xabarlarning mazmunini o‘zgartirishga haqli emas.
Davlat xaridlari elektron tizimining operatori davlat xaridlari subyektlarining ushbu operatorga beriladigan elektron hujjatlari va elektron xabarlarining, shu jumladan bo‘lajak davlat xaridlari to‘g‘risida davlat xaridlarining elektron tizimiga joylashtiriladigan axborotning mazmuni bilan bog‘liq huquqiy oqibatlar uchun javobgar bo‘lmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2018-yil 15-maydagi 186-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Maxsus axborot portali operatorining davlat xaridlarini tashkil etish hamda o‘tkazish borasidagi faoliyati to‘g‘risida”gi nizom.
4-bob. Davlat xaridlari jarayoniga doir umumiy talablar
26-modda. Davlat xaridlari jarayoni
Davlat xaridlari jarayoni quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
davlat xaridlarini rejalashtirish;
xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish;
shartnomani tuzish va bajarish;
davlat xaridlari monitoringi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga va boshqa davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni “foydalanishga tayyor holda topshirish” shartlari asosida “fast-track” usulida (bir vaqtning o‘zida loyihalashtirish, xarid qilish va qurilish ishlari) amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi.
27-modda. Maxsus axborot portali
Maxsus axborot portali vakolatli organ tomonidan yuritiladigan, davlat xaridlari amalga oshirilishi to‘g‘risidagi e’lonlar, davlat xaridlarining yakunlari, ishtirokchilarning takliflari haqidagi axborotni va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa axborotni elektron shaklda ko‘zdan kechirishni, shuningdek amalga oshirilgan elektron davlat xaridlari to‘g‘risida davlat xaridlari elektron tizimlarining operatorlari tomonidan kiritiladigan (yuboriladigan) axborotni to‘plashni ta’minlovchi veb-saytdir (maxsus elektron platforma).
Maxsus axborot portalida:
davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborotning jamoatchilik uchun ochiqligi;
davlat xaridlari sohasidagi axborotni jamlash, unga ishlov berish va tahliliy hisobotni shakllantirish;
davlat xaridlarining elektron tizimlari va boshqa axborot tizimlari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
xarid qilish tartib-taomillarining davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli davlat organlari tomonidan davlat xaridlari subyektlarining o‘z vazifalarini ushbu Qonun va davlat xaridlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlari talablari doirasida amalga oshirayotganligi ustidan monitoring va nazorat o‘tkazish ta’minlanadi.
Maxsus axborot portalida davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish, davlat xaridlari monitoringi va nazoratini o‘tkazish jarayonlari tizimlashtiriladi.
Budjet buyurtmachilarining davlat xaridlari bo‘yicha to‘lovlari maxsus axborot portalida davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish va ular to‘g‘risida axborot joylashtirish jarayonlari tugaganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-yanvardagi 37-sonli “Davlat xaridlarini amalga oshirishda xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish jarayonlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yanada takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi qarori.
28-modda. Davlat xaridlarining elektron tizimi
Davlat xaridlari subyektlarining hamkorligini, elektron davlat xaridlari jarayonidagi xarid qilish tartib-taomillari o‘tkazilishini ta’minlaydigan tashkiliy, axborotga oid va texnik yechimlarning dasturiy majmui davlat xaridlarining elektron tizimidir.
Davlat xaridlarining elektron tizimi vakolatli organ tomonidan belgilangan talablarga, shu jumladan:
texnik parametrlarga oid talablarga;
texnik va texnologik imkoniyatlarga oid talablarga;
axborotni va tegishli ma’lumotlarni saqlovchi asbob-uskunalarning joylashish eriga oid talablarga;
axborot xavfsizligi usullari va shartlariga;
maxsus axborot portali va boshqa tashqi axborot tizimlari bilan hamkorlik imkoniyatlariga;
xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazishga oid talablarga;
davlat xaridlari subyektlarining, vakolatli organning va xarid qilish tartib-taomillari ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli davlat organlarining tizimdan foydalanish imkoniyatlariga;
davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa talablarga mos bo‘lishi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-maydagi 276-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 2-bobi.
29-modda. Davlat xaridlarini rejalashtirish
Davlat xaridlarini rejalashtirish davlat buyurtmachisi tomonidan amalga oshiriladi va xaridlarni tizimlashtirishdan, davlat xaridlarini rejalashtirish hamda budjet va investitsiya jarayonlaridagi rejalashtirish, shuningdek xo‘jalik faoliyatini rejalashtirish o‘rtasida o‘zaro aloqani ta’minlashdan iborat bo‘ladi.
Davlat xaridlarining yillik reja-jadvali budjet buyurtmachilari tomonidan joriy yilning 25-martiga qadar maxsus axborot portalida joylashtiriladi.
Kelgusi yil uchun davlat xaridlarining yillik reja-jadvallari korporativ buyurtmachilar tomonidan joriy yilning 25-dekabriga qadar maxsus axborot portalida joylashtiriladi.
Kelgusi chorak uchun davlat xaridlarining choraklik reja-jadvallari davlat buyurtmachilari tomonidan joriy chorak oxirgi oyining 25 sanasiga qadar maxsus axborot portalida joylashtiriladi.
30-modda. Xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish turlari
Xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish turlari quyidagilardan iborat:
elektron do‘kon;
boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion;
eng yaxshi takliflarni tanlash;
tender;
to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha amalga oshiriladigan davlat xaridlari;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan ruxsat etilgan xaridlarning boshqa raqobatli turlari.
Xarid qilish tartib-taomillari elektron shaklda amalga oshirilishi mumkin.
31-modda. Davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborot
Davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborot jumlasiga quyidagilar kiradi:
davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik;
davlat xaridlarining reja-jadvallari;
davlat xaridlari to‘g‘risidagi e’lonlar;
hujjatlarning namunaviy shakllari;
xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan namunaviy shartnomalar;
davlat xaridlari bosqichlarining natijalari to‘g‘risidagi axborot;
Shartnomalarning yagona reyestri;
Yagona yetkazib beruvchilar reyestri;
Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri;
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning qarorlari;
davlat xaridlari bo‘yicha statistik axborot.
Davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborot maxsus axborot portalida e’lon qilinadi.
Davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq, xolis va ishonchli bo‘lishi kerak.
32-modda. Baholash mezonlariga va tartib-taomillariga taalluqli qoidalar
Ishtirokchilarning tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha davlat xaridlariga taalluqli bo‘lgan takliflarini baholash mezonlarida:
narx;
yetkazib berish bazisi;
yetkazib berish muddatlari;
tavsifnomalar va sifat ko‘rsatkichlari;
ekspluatatsiya qilish (foydalanish) muddati;
to‘lov va kafolatlar shartlari;
muayyan davrdagi ekspluatatsiya qilishga, shu jumladan foydalanish va ta’mirlashga doir xarajatlar;
qonunchilik talablariga zid bo‘lmagan boshqa mezonlar nazarda tutiladi.
Davlat buyurtmachisi tomonidan belgilanadigan davlat xaridi shartlarida ishtirokchilarning takliflarini baholash mezonlari, ularning nisbiy qiymati, baholash tartib-taomillari doirasida baholash mezonlarini qo‘llash tartibi bo‘lishi kerak.
Ishtirokchilarning takliflarini baholash va g‘olibni aniqlashda davlat buyurtmachisi faqat xarid qilish hujjatlarida ko‘rsatilgan baholash mezonlari va tartib-taomillaridan foydalanadi hamda bu mezonlar va tartib-taomillarni ushbu hujjatlarda bayon etilgan tartibda qo‘llaydi.
Davlat xaridlarini amalga oshirishda ekologik muhitni yaxshilashga ko‘maklashish yoki atrof-muhitga bo‘lgan salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida ishtirokchilarning takliflarini baholash va ijrochini aniqlash jarayonida energiya samaradorligi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik jihatdan maqbul materiallardan hamda ikkilamchi xomashyodan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kabi mezonlardan va xarid qilinayotgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) ekologik maqbulligini baholashga oid boshqa omillardan foydalanilishi mumkin.
33-modda. Davlat xaridlari qiymatini baholashga taalluqli qoidalar
Davlat xaridlari qiymatining bozor narxlariga muvofiqligini baholash uchun davlat buyurtmachisi ochiq axborot manbalaridagi axborotlardan yoki boshqa ishonchli manbalardan foydalanadi.
34-modda. Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlari tavsifiga va shartnoma shartlariga taalluqli qoidalar
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi tavsifi xolis, funksional va umumiy xususiyatga ega. Tavsifda tovarlar (ishlar, xizmatlar) davlat xaridining tegishli texnik, sifat, zarur hollarda ekspluatatsiya qilinish xususiyatlari ko‘rsatiladi.
Davlat xaridlarining tavsifi tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) texnik xossalaridan kelib chiqqan holda, tasniflarni, rejalarni, chizmalarni, eskizlarni, talablarni hamda sinovlar va sinov usullari, qadoqlash, tamg‘alash haqidagi yoki muvofiqlik sertifikati, shuningdek shartli belgilar va atamalar to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga olishi mumkin.
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi tavsifiga aniq tovar belgisiga yoki nomiga, patentga, konstruksiyaga yoki modelga, u mansub bo‘lgan muayyan manbaga yoki ishlab chiqaruvchiga, eksklyuziv vakolatli huquqqa doir talablar yoki havolalar kiritilmasligi kerak, bundan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi xususiyatlarini ta’riflashning boshqa yetarlicha aniq usuli mavjud bo‘lmagan hollar mustasno va bunda davlat xaridining tavsifiga “yoki analogi” degan so‘zlar kiritilishi kerak, bundan tovarlarning bir-biriga mos kelmasligi hollari mustasno.
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi tavsifida quyidagilar bo‘lishi kerak:
tovarlarning soni;
bajarilishi (ko‘rsatilishi) kerak bo‘lgan ishlar (xizmatlar);
tovarlar yetkazib berilishi lozim bo‘lgan yoki ishlar bajarilishi, xizmatlar ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan joy;
tovarlarni yetkazib berish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatishning maqbul yoki talab etiladigan muddatlari, agar ular mavjud bo‘lsa.
Xarid qilish hujjatlarida xarid qilinadigan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat buyurtmachisi tomonidan belgilangan talablarga muvofiqligini aniqlash imkonini beradigan ko‘rsatkichlar bo‘lishi kerak. Bunda shunday ko‘rsatkichlarning eng ko‘p va (yoki) eng kam qiymatlari, shuningdek o‘zgartirilishi mumkin bo‘lmagan ko‘rsatkichlarning qiymatlari ko‘rsatiladi.
Zarur bo‘lganda davlat buyurtmachisi tomonidan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) kafolat muddatiga va (yoki) ularning sifatiga beriladigan kafolatlar hajmiga, tovarga kafolat xizmati ko‘rsatishga, tovardan foydalanish xarajatlariga, tovarni montaj qilish va sozlashning majburiyligiga, tovardan foydalanuvchi va unga xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarni o‘qitishga doir talablar belgilanadi.
Mashinalar va asbob-uskunalarni yetkazib beruvchi ijrochi aniqlangan taqdirda davlat buyurtmachisi xarid qilish hujjatlarida tovarning kafolat muddatiga va (yoki) uning sifatiga beriladigan kafolatlar hajmiga, tovarga kafolat xizmati ko‘rsatishga, tovarga kafolat muddati mobaynida xizmat ko‘rsatish xarajatlariga, shuningdek tovarni montaj qilish va sozlashga doir, agar bu tovarning texnik hujjatlarida nazarda tutilgan bo‘lsa, talablarni belgilaydi. Yangi mashinalar va asbob-uskunalarni yetkazib beruvchi ijrochi aniqlangan taqdirda davlat buyurtmachisi xarid qilish hujjatlarida ushbu tovarni ishlab chiqaruvchining va (yoki) yetkazib beruvchining kafolatini taqdim etishga hamda bunday kafolatning amal qilish muddatiga nisbatan qo‘shimcha ravishda talablar belgilaydi. Bunday kafolatni berish ushbu tovar bilan birga amalga oshiriladi.
Agar tovarlarning davlat xaridi tavsifida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, yetkazib berilayotgan tovar yangi bo‘lishi kerak.
Xarid qilish hujjatlariga tovarni ishlab chiqaruvchiga, ishtirokchiga nisbatan davlat xaridlarining asosiy prinsiplariga zid bo‘lgan, oshirib yuborilgan talablarni, shu jumladan ishtirokchining malakasiga nisbatan oshirib yuborilgan talabni (shu jumladan tovarning, ishning yoki xizmatning sifatiga, texnik xususiyatlariga doir talablar, tovarning funksional xususiyatlariga (iste’mol qilish xususiyatlariga) doir talablar shaklida) kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xarid qilish tartib-taomili natijasi bo‘yicha tuzilgan shartnomaga qo‘shimcha kelishuv uning muhim shartlarini, xususan tovar (ish, xizmat), uning sifati va assortimentini o‘zgartirish, miqdorini va bahosini oshirish hamda yetkazib berish muddatini uzaytirish tarzida o‘zgartirmasa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuzilishi mumkin, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno. Shartnoma bo‘yicha uning umumiy boshlang‘ich summasining 10 foizidan oshmaydigan miqdordagi qo‘shimcha ishlar va xizmatlarni amalga oshirish yuzasidan o‘zgartirish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
35-modda. Davlat xaridlarining tili
Davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborot davlat tilida e’lon qilinadi va tarqatiladi. Davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborot davlat tili bilan bir vaqtda boshqa tillarda ham e’lon qilinishi va tarqatilishi mumkin. Boshqa tillarda e’lon qilinayotgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborotning mazmuni davlat tilida e’lon qilingan axborotga muvofiq bo‘lishi kerak.
36-modda. Ishtirokchilarga qo‘yiladigan talablar
Ishtirokchilar quyidagi mezonlarga muvofiq bo‘lishi kerak:
shartnomani bajarish uchun zarur texnik, moliyaviy, moddiy, kadrlar resurslarining hamda boshqa resurslarning mavjudligi;
shartnoma tuzish uchun qonuniy huquqqa egalik;
soliqlar va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlikning mavjud emasligi;
o‘ziga nisbatan joriy etilgan bankrotlik tartib-taomillarining mavjud emasligi;
Insofsiz ijrochilarning yagona reyestrida qayd etilmaganligi.
37-modda. Ishtirokchilarga qo‘shimcha talablar qo‘yiladigan davlat xaridi
Davlat buyurtmachisi zarur bo‘lganda tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) o‘ziga xos xossalaridan yoki xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ishtirokchilarga qo‘shimcha talablar belgilashga haqli.
Ishtirokchilarga qo‘yiladigan qo‘shimcha talablar davlat xaridlarining asosiy prinsiplarga zid bo‘lmasligi kerak.
Davlat xaridi to‘g‘risidagi axborotda ishtirokchilarga qo‘yiladigan qo‘shimcha talablar ushbu axborot e’lon qilingan paytda ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Ishtirokchilarga qo‘shimcha talablar qo‘yiladigan davlat xaridida ishtirok etish uchun ishtirokchilar dastlabki malaka tanlovidan o‘tadi.
38-modda. Birgalikdagi davlat xaridlari
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) birgalikdagi davlat xaridlarini shakllantirish ikki va undan ortiq davlat buyurtmachisining davlat xaridlari reja-jadvallariga ko‘ra amalga oshiriladi.
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) birgalikdagi davlat xaridlarini shakllantirish bir davlat dasturida yoki loyihalar portfelida ishtirok etayotgan davlat buyurtmachilarida amalga oshirilishi kerak.
39-modda. Takliflarni ta’minlash
Xarid komissiyasi ishtirokchilarga nisbatan takliflarning garov, kafolat, zakalat tarzida yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa usulda ta’minlanishi zarurligi to‘g‘risidagi talabni belgilashga haqli.
Ishtirokchilarga nisbatan takliflarning ta’minlanishi zarurligi tarzidagi talab barcha ishtirokchilarga taalluqli bo‘ladi va davlat xaridlarining shartlarida ko‘rsatiladi.
Xarid komissiyasi ishtirokchilarga nisbatan takliflarning ta’minlanishi zarurligi tarzida talab belgilagan taqdirda, takliflar yuborilguniga qadar ishtirokchi davlat buyurtmachisiga ta’minotning maqbulligini tasdiqlash to‘g‘risida so‘rov yuborishga haqli. Davlat buyurtmachisi bunday so‘rovga ikki ish kuni davomida javob beradi.
Davlat buyurtmachisi taklifni ta’minlash summasi to‘lanishini talab qilmaydi va ta’minlash to‘g‘risidagi hujjatni bir ish kuni davomida qaytaradi yoki quyidagi voqealardan biri yuz berganidan keyin uning qaytarilishini ta’minlaydi:
taklifni ta’minlashning amal qilish muddati tugashi;
shartnomaning kuchga kirishi va ushbu shartnomaning bajarilishi ta’minlanishi, agar bunday ta’minlash davlat xaridi shartlarida talab etilsa;
davlat xaridlarining bekor qilinishi;
takliflarni yuborishning oxirgi muddati tugaguniga qadar taklifning chaqirib olinishi.
40-modda. Muzokaralar olib borishni taqiqlash
Xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda davlat buyurtmachisining davlat xaridlari elektron tizimining operatori bilan va davlat xaridlari elektron tizimi operatorining ishtirokchi bilan, shuningdek davlat buyurtmachisining g‘olib aniqlanguniga qadar ishtirokchilar bilan muzokaralar olib borishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
41-modda. Xarid qilish hujjatlari va xarid qilish tartib-taomillari yuzasidan tushuntirishlar
Ishtirokchilar xarid qilish hujjatlari va qo‘llanilayotgan xarid qilish tartib-taomili yuzasidan tushuntirishlar olish uchun davlat buyurtmachisiga yoki u tomonidan jalb etilgan ixtisoslashgan tashkilotga murojaat qilishi mumkin.
Davlat buyurtmachisi yoki u tomonidan jalb etilgan ixtisoslashgan tashkilot xarid qilish hujjatlari va qo‘llanilayotgan xarid qilish tartib-taomili yuzasidan tushuntirish berish to‘g‘risida so‘rov olganidan keyin so‘ralgan tushuntirishlarni ikki ish kuni ichida taqdim etadi.
Xarid qilish hujjatlari va xarid qilish tartib-taomili xususida tushuntirishlar xarid qilish hujjatlari va qo‘llanilayotgan xarid qilish tartib-taomili yuzasidan tushuntirish berish to‘g‘risidagi so‘rovi bilan bir xil shaklda taqdim etiladi.
42-modda. Ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish shartlari
Xarid komissiyasi yoki davlat xaridlari elektron tizimining operatori ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatadi, agar:
u to‘g‘risida Insofsiz ijrochilarning yagona reyestrida qayd mavjud bo‘lsa;
unda soliqlar va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud bo‘lsa;
o‘ziga nisbatan bankrotlik tartib-taomillari joriy etilgan bo‘lsa;
ishtirokchi xarid qilish hujjatlarining malaka, texnik va tijorat talablariga javob bermasa;
ishtirokchi davlat xaridlari jarayonida davlat buyurtmachisi tomonidan biror-bir xatti-harakatning sodir etilishiga, qaror qabul qilinishiga yoki biror-bir xarid qilish tartib-taomilining qo‘llanilishiga ta’sir o‘tkazish maqsadida davlat buyurtmachisining yoki boshqa davlat organining istalgan hozirgi yoki sobiq mansabdor shaxsiga yoki xodimiga har qanday shakldagi haqni, ishga yollash to‘g‘risidagi taklifni yoxud istalgan boshqa qimmatbaho ashyoni yoki xizmatni bevosita yoxud bilvosita taklif qilsa, bersa yoki berishga rozilik bildirsa;
ishtirokchi raqobatga qarshi harakatlarni sodir etsa yoki qonunchilikni buzgan holda manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarsa, shuningdek affillanganlik hollari aniqlansa.
Xarid komissiyasining yoki davlat xaridlari elektron tizimi operatorining ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish to‘g‘risidagi qarori va buning sabablari xarid qilish tartib-taomillari haqidagi hisobotga kiritiladi hamda ular haqida tegishli ishtirokchiga darhol xabar beriladi.
43-modda. G‘olib bo‘lgan taklifning aksepti hamda aksept uchun asoslar
Davlat buyurtmachisi o‘tkazilgan xarid qilish tartib-taomillari yakunlari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan taklifning aksepti to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
G‘olib bo‘lgan taklifning aksepti quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin, agar:
davlat xaridlari bekor qilinmagan bo‘lsa;
g‘olib bo‘lgan taklifni yuborgan ishtirokchi chetlatilmagan bo‘lsa;
xarid qilish tartib-taomillari buzilmagan bo‘lsa.
44-modda. Davlat xaridini bekor qilish
Davlat buyurtmachisi g‘olib bo‘lgan taklif akseptiga qadar istalgan vaqtda davlat xaridini bekor qilish huquqiga ega. Davlat xaridi bekor qilingan taqdirda davlat buyurtmachisi bunday qaror qabul qilingandan keyin uch ish kuni ichida davlat xaridlarining elektron tizimi orqali maxsus axborot portalida mazkur qarorning asoslantirilgan sabablarini e’lon qiladi.
Davlat buyurtmachisi davlat xaridi bekor qilinganligi uchun javobgar bo‘lmaydi, bundan bekor qilish davlat buyurtmachisining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) oqibati bo‘lgan hollar mustasno.
45-modda. Odob-axloq qoidalari
Davlat buyurtmachilari, davlat xaridlari elektron tizimining operatori, ixtisoslashgan tashkilotlar, ekspert tashkilotlari davlat xaridlarini amalga oshirish uchun quyidagilarni nazarda tutuvchi Odob-axloq qoidalarini qabul qiladi:
manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish chora-tadbirlari;
tegishli xodimlarning kasbiy tayyorgarligini amalga oshirish tartib-taomillari va unga doir talablar.
Odob-axloq qoidalarida davlat buyurtmachilari, davlat xaridlari elektron tizimining operatori, ixtisoslashgan tashkilotlar, ekspert tashkilotlari xodimlarining, xarid komissiyasi a’zolarining kasbga doir va xizmatdan tashqari faoliyatida odob-axloqning yagona prinsiplari va qoidalari, kasbiy tayyorgarligiga doir talablar belgilanadi.
Davlat buyurtmachisining va davlat xaridlari elektron tizimi operatorining mas’ul shaxslari, ixtisoslashgan va ekspert tashkilotlarining xodimlari, xarid komissiyasi a’zolari, shuningdek ekspertlar tomonidan ishtirokchilar hamda ijrochilardan moddiy va nomoddiy boyliklarni olish taqiqlanadi.
Odob-axloq qoidalari davlat buyurtmachilarining yoki ularning yuqori turuvchi organlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinishi lozim.
46-modda. Davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar
Davlat xaridlari jarayonida quyidagilarga yo‘l qo‘yilmaydi:
agar ishtirokchining va (yoki) ushbu ishtirokchi vakolatli vakilining yaqin qarindoshlari ijrochini tanlash bo‘yicha qaror qabul qilish huquqiga ega bo‘lsa, shuningdek davlat buyurtmachisining yoki u tomonidan jalb etilgan ixtisoslashgan tashkilotning vakili bo‘lsa, ishtirokchining davlat xaridlarida ishtirok etishiga;
ishtirokchilarni kamsitishga, boshqa ishtirokchilarga zarar yetkazgan holda bir ishtirokchiga imtiyozlar yoki preferensiyalar taqdim etishga, bundan ushbu Qonun 16-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno;
manfaatlar to‘qnashuviga;
davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatli bo‘lmagan usullarini qonunga xilof ravishda tanlashga, davlat xaridlari subyektlariga ta’sir o‘tkazishga, davlat xaridlarida ishtirokchilarning ishtirok etishi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etishga, ularning sonini asossiz ravishda cheklashga yoki ularning malakasiga qo‘yilgan talablarni oshirishga, raqobatga yo‘l qo‘ymaslikning, uni cheklashning yoki bartaraf etishning boshqa shakllariga;
davlat xaridlari o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lonning matniga ishtirokchilar o‘rtasida raqobatni cheklaydigan qonunga xilof talablarni kiritishga;
narxlarni yoki ishtirokchilarni saralash natijalarini buzib ko‘rsatish maqsadida ishtirokchilarning oldindan til biriktirishiga;
ishonchsiz yoki buzib ko‘rsatilgan axborotni taqdim etishga yoki tarqatishga, shuningdek davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborotdan foydalanishni asossiz ravishda cheklashga;
davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslangan usullarini chetlab o‘tish maqsadida davlat xaridlari hajmini qismlarga bo‘lib tashlashga;
ishtirokchilarning sun’iy tarzda pasaytirilgan narxlar bo‘yicha takliflar berishiga, keyinchalik shartnomani imzolashni yoki uni tegishli tarzda bajarishni rad etishiga;
davlat xaridi tarkibiga texnologik va funksional jihatdan o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq bo‘lmagan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kiritishga;
firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiyaning namoyon bo‘lishiga;
moliyalashtirish manbalari va miqdorlari mavjudligi to‘g‘risida tasdiqlarga ega bo‘lmagan yoki ajratilgan mablag‘lar hajmidan ortiq miqdordagi davlat xaridlarini amalga oshirishga.
47-modda. Shartnomalarning yagona reyestri
Vakolatli organ davlat xaridlari elektron tizimlarining va maxsus axborot portalining axborotlar bazalari o‘rtasida axborot almashish orqali Shartnomalarning yagona reyestrini yuritadi.
Shartnomalarning yagona reyestriga quyidagi hujjatlar va axborot kiritiladi:
davlat buyurtmachisining nomi;
moliyalashtirish manbasi;
ijrochini aniqlash usuli;
xarid qilish tartib-taomilining natijalari sarhisob qilinadigan sana va shartnoma tuzish asoslarini tasdiqlovchi hujjatning rekvizitlari;
shartnoma tuzilgan sana;
tovarning (ishning, xizmatning) nomi, shartnoma bahosi va uni bajarish muddati, tovar (ish, xizmat) birligining narxi, u kelib chiqqan mamlakatning va ishlab chiqaruvchining nomi;
ijrochi soliq to‘lovchining nomi, firma nomi (agar mavjud bo‘lsa), joylashgan eri (yuridik shaxs uchun — pochta manzili), familiyasi, ismi, otasining ismi (agar mavjud bo‘lsa), yashash joyi (jismoniy shaxs uchun), ijrochining soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami yoki chet ellik shaxs uchun tegishli chet davlatning qonunchiligiga muvofiq ijrochining soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami analogi, benefitsiar mulkdor to‘g‘risidagi axborot, bundan tarixiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan va davlat muzey, axborot-kutubxona, arxiv fondlarini, kino fondlarini, fotosuratlar fondlarini va shunga o‘xshash fondlarni to‘ldirish uchun mo‘ljallangan madaniy qimmatliklarni, shu jumladan muzey ashyolarini va muzey kolleksiyalarini, shuningdek noyob va qimmatbaho nashrlarni, qo‘lyozmalarni, arxiv hujjatlarini (shu jumladan ularning ko‘chirma nusxalarini) yetkazib beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxs to‘g‘risidagi axborot mustasno;
shartnomaning o‘zgartirilgan shartlari ko‘rsatilgan holda shartnomani o‘zgartirish to‘g‘risidagi axborot;
shartnomani ijro etish to‘g‘risidagi axborot, shu jumladan shartnoma uchun haq to‘lash, shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlarni tegishli tarzda bajarmaganlik munosabati bilan moliyaviy sanksiyalar (jarimalar, penyalar) hisoblanishi to‘g‘risidagi axborot;
bekor qilish sabablari va asoslari ko‘rsatilgan holda shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi axborot.
Shartnomalarning yagona reyestridagi axborot to‘lov undirilmagan holda tanishib chiqish uchun ochiqdir.
Shartnomalarning yagona reyestrini yuritish tartibi vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
Qaysi shartnomalar to‘g‘risidagi axborot Shartnomalarning yagona reyestriga kiritilmagan bo‘lsa, o‘sha shartnomalar bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilmaydi.
48-modda. Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri
Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri vakolatli organ tomonidan shakllantiriladigan ro‘yxatdan iborat bo‘lib, unga quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:
xarid qilish tartib-taomillari yakunlari bo‘yicha belgilangan shartlar asosida davlat buyurtmachisi bilan shartnoma tuzishni va davlat xaridlarini amalga oshirishni rad etgan yoki boshqacha usulda bo‘yin tovlagan xarid qilish tartib-taomillari g‘oliblari to‘g‘risidagi;
majburiyatlarni bajarmaganlikda yoxud tegishli tarzda bajarmaganlikda belgilangan tartibda aybdor deb topilgan ijrochilar haqidagi, bundan majburiyatlar bartaraf etib bo‘lmaydigan kuchlar oqibatida bajarilmagan yoki tegishli tarzda bajarilmagan hollar mustasno;
davlat xaridlari jarayonida yolg‘on yoki soxta hujjatlarni taqdim etgan, ayni bitta lotda ishtirok etgan affillangan shaxslar yoki manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida ma’lumotlarni ochib bermagan ishtirokchilar to‘g‘risidagi;
sudning qaroriga ko‘ra firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan ijrochilar to‘g‘risidagi.
Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritilgan ijrochining ikki yil davomida davlat xaridlarida ishtirok etishi mumkin emas, bu muddat tugaganidan keyin ijrochi Insofsiz ijrochilarning yagona reyestridan chiqarilgan hisoblanadi.
Ijrochilar Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritish to‘g‘risidagi qaror ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli.
Insofsiz ijrochilarning yagona reyestrini shakllantirish tartibi vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Elektron do‘kon
49-modda. Elektron do‘kon vositasida davlat xaridlarini amalga oshirish mezonlari
Elektron do‘konda:
bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh ming baravarigacha (budjet buyurtmachilari uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki ming besh yuz baravarigacha) qiymatdagi tovarlarning;
bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha (budjet buyurtmachilari uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha) qiymatdagi ishlarning, xizmatlarning davlat xaridlari amalga oshirilishi mumkin.
Elektron do‘kon orqali budjet buyurtmachisi tomonidan ayni bir turdagi tovarlarning davlat xaridi bir moliya yili davomida bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ming baravarigacha amalga oshirilishi mumkin.
Elektron do‘kon orqali budjet buyurtmachisi tomonidan ayni bir turdagi ishlarning, xizmatlarning davlat xaridi bir moliya yili davomida bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravarigacha (korporativ buyurtmachilar uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir ming baravarigacha) amalga oshirilishi mumkin.
50-modda. Elektron do‘konda takliflarning joylashtirilishi
Elektron do‘kon ishtirokchilarning takliflaridan shakllantiriladi. Ishtirokchining elektron do‘konda qo‘yilgan taklifi davlat buyurtmachilariga yuborilgan ommaviy ofertadir.
Ishtirokchi tomonidan elektron do‘konda joylashtirilgan taklifda quyidagilar ko‘rsatiladi:
taklif etilayotgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) nomi;
sotish narxi;
tovarning eng ko‘p va eng kam to‘pi;
tovarning rusumi va texnik parametrlari (standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjat, texnik pasport);
tovarning fotosurati;
tovar yetkazib beriladigan (ish bajariladigan, xizmat ko‘rsatiladigan) hudud;
tovarni ishlab chiqaruvchi va u kelib chiqqan mamlakat to‘g‘risidagi axborot;
kafolat shartlari va muddati to‘g‘risidagi axborot;
tovar ishlab chiqarilgan yil (oziq-ovqatlar va tez buziladigan tovarlarning ishlab chiqarilgan kuni, oyi, yili);
tovarning yaroqlilik muddati (kun, oy, yil);
ishni bajarish, xizmatni ko‘rsatish muddati;
tovarni (ishni, xizmatni) majburiy sertifikatlashtirish talab etiladigan hollarda muvofiqlik sertifikati to‘g‘risidagi axborot, shuningdek sanitariya-epidemiologik, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya xulosalari yoki ekologik ekspertiza haqidagi axborot;
qonunchilikka binoan litsenziyalashning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjat olishning yoxud faoliyatni boshlagani haqidagi xabarnomani yuborishning majburiy talabi mavjud bo‘lgan hollarda litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjat yoxud faoliyatni boshlagani haqidagi xabarnoma mavjudligi to‘g‘risidagi axborot.
Ishtirokchining ofertasi u elektron do‘konda joylashtirilgan paytdan e’tiboran o‘n besh ish kuni mobaynida amal qiladi. Ushbu muddat tugaganidan keyin ishtirokchi uni yana o‘n besh ish kuniga aktivlashtirishga haqli.
Oferta davlat buyurtmachisi tomonidan akseptlangunga qadar ishtirokchi ofertani har qanday muddatda chaqirib olishga yoki unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga haqli.
51-modda. Elektron do‘konda xarid qilish tartib-taomilini o‘tkazish tartibi
Davlat buyurtmachisi elektron do‘konda ishtirokchilarning ofertalarini o‘rganish yo‘li bilan o‘zi uchun zarur bo‘lgan tovarni (ishni, xizmatni) tanlaydi va tovar (ish, xizmat) tanlanganidan keyin narxlar so‘rovi mexanizmidan foydalanadi.
Davlat xaridlarining elektron tizimi avtomatik rejimda, narxlar so‘rovi mexanizmini amalga oshirgan holda tanlab olingan ofertani taklif qilgan ishtirokchiga, shuningdek elektron do‘konda o‘xshash tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) taklif etayotgan barcha ishtirokchilarga xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etish to‘g‘risida takliflar yuborilishini ta’minlaydi.
Ishtirokchilar narxlar so‘rovida ishtirok etish to‘g‘risidagi taklif davlat xaridlarining elektron tizimi tomonidan yuborilgan paytdan e’tiboran qirq sakkiz soat ichida o‘z takliflarini berishga haqli.
Ishtirokchilarga yuborilayotgan narxlar so‘rovida ishtirok etish to‘g‘risidagi taklif davlat buyurtmachisi tomonidan tanlangan ishtirokchining ofertasiga doir havolani o‘z ichiga oladi.
Xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etish taklifini olgan ishtirokchi davlat buyurtmachisi tomonidan tanlangan oferta narxidan pastroq narx bo‘yicha taklif kiritishga haqli.
Ishtirokchilar tomonidan berilgan narx bo‘yicha takliflarni taqqoslash davlat xaridlarining elektron tizimi tomonidan avtomatik rejimda amalga oshiriladi.
Davlat xaridlarining elektron tizimi davlat buyurtmachisi va eng past narxni taklif qilgan ijrochi o‘rtasida tuzilgan bitimni ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Ishtirokchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan davlat buyurtmachisi yoki ishtirokchilar yakunlar sarhisob qilinadigan paytga qadar foydalana olmaydi. Ijrochining nomi g‘olib aniqlangan paytda davlat xaridlarining elektron tizimida aks ettiriladi.
Davlat xaridlarining elektron tizimi shartnomani davlat buyurtmachisi tomonidan tanlangan ishtirokchining ofertasida bayon etilgan shartlarga muvofiq hamda ishtirokchilar tomonidan taklif etilgan eng past narxda shakllantiradi.
Xarid qilish tartib-taomillarining yakuniga ko‘ra faqat tanlab olingan ofertani taklif qilgan ishtirokchigina ishtirok etgan hollarda davlat xaridlarining elektron tizimi davlat buyurtmachisiga elektron shaklda savdolashish imkonini beruvchi so‘rovni yuboradi. Bunda davlat buyurtmachisida tanlab olingan ofertani taklif qilgan ishtirokchiga u taklif qilgan narxdan pastroq asoslangan narx so‘rovini yuborish imkoniyati paydo bo‘ladi. Tanlab olingan ofertani taklif qilgan ishtirokchi bunday so‘rovni bir ish kuni ichida qabul qilishi yoki rad etishi mumkin.
Tanlab olingan ofertani taklif qilgan ishtirokchi narx so‘rovini qabul qilganda davlat xaridlarining elektron tizimi davlat buyurtmachisi va ijrochi o‘rtasidagi bitimni davlat buyurtmachisi tomonidan yuborilgan so‘rov narxi asosida ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Agar tanlab olingan ofertani taklif qilgan ishtirokchi narx so‘rovini qabul qilmasa yoki rad etsa, davlat buyurtmachisi o‘z xohishiga ko‘ra mazkur ishtirokchi bilan shartnomani rasmiylashtirishi yoki ushbu Qonun talablariga muvofiq boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion yoki eng yaxshi takliflarni tanlash orqali xaridni amalga oshirishi mumkin. Bunda javobgarlik davlat buyurtmachisining zimmasiga yuklatiladi.
Agar xarid qilish tartib-taomillari tugaganidan keyin bir ish kuni ichida davlat buyurtmachisi tomonidan narx so‘rovi yuborilmasa, davlat xaridlarining elektron tizimi davlat buyurtmachisi va ijrochi o‘rtasidagi bitimni ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Davlat buyurtmachisi tomonidan narxlarni o‘rganish davlat xaridlarining elektron tizimi yoki boshqa ochiq manbalarning ma’lumotlaridan foydalanish orqali amalga oshirilishi mumkin.
6-bob. Boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion
52-modda. Boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksionni o‘tkazish mezonlari
Boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion (bundan buyon matnda auksion deb yuritiladi) vositasidagi davlat xaridi quyidagi shartlar bir vaqtning o‘zida bajarilgan taqdirda amalga oshiriladi:
tovarning standart xususiyatlarga ega bo‘lishi;
tovarning texnik, ekspluatatsiya qilinish xususiyatlarini va boshqa xususiyatlarini baholash hamda taqqoslash zarurati mavjud emasligi;
tovarning qiymati bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh ming baravarigacha (budjet buyurtmachilari uchun olti ming baravarigacha) bo‘lgan miqdorini tashkil etishi kerak.
Xizmatlar va ishlarning davlat xaridi auksion obyekti bo‘la olmaydi.
Tovarni e’londa bayon etilgan shartlar asosida eng past narx bo‘yicha yetkazib berishni taklif qilgan ishtirokchi auksion g‘olibi bo‘ladi. Bunda mazkur norma belgilangan sifat standartlariga muvofiq bo‘lgan tovarlarni yetkazib berish talabini bekor qilmaydi.
53-modda. Auksion o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lon
Auksion faqat elektron shaklda o‘tkaziladi.
Auksionda ishtirok etish uchun davlat buyurtmachisi maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga e’lon joylashtiradi.
Auksion o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lon u amalga oshirilishidan kamida besh ish kuni avval joylashtirilishi kerak.
Auksion o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’londa quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:
davlat buyurtmachisining nomi va manzili;
auksionning birinchi va oxirgi kuni (auksion o‘tkaziladigan davr);
auksion predmetining boshlang‘ich narxi;
auksion predmeti va uning xususiyati (auksion predmetining tasnifi);
tovarning miqdori;
tovarlarni yetkazib berish muddatlari va shartlari;
tovarlar yetkazib beriladigan joy (manzil);
tovarning amaldagi standart talabiga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat mavjudligi haqidagi talab;
tovar majburiy sertifikatlashtirilishi talab etiladigan hollarda, muvofiqlik sertifikati va sanitariya-epidemiologik xulosa mavjudligi to‘g‘risidagi talab;
zarur bo‘lganda, litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjat yoxud faoliyatni boshlagani haqidagi xabarnoma mavjudligi to‘g‘risidagi talab;
tovarning o‘ziga xos xususiy parametrlarini ifodalovchi shartlar.
Auksion o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lonning va davlat buyurtmachisi buyurtmanomasining matniga auksion predmetiga taalluqli bo‘lmagan va ishtirokchilar o‘rtasida raqobatni cheklaydigan talablarni kiritish taqiqlanadi.
Maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga joylashtirilgan auksion o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lon avtomatik ravishda davlat buyurtmachisining buyurtmanomasi etib o‘zgartiriladi.
54-modda. Auksionni o‘tkazish tartibi
Auksion davlat xaridlarining elektron tizimida boshlang‘ich narxni qadam-baqadam pasaytirish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Auksionni o‘tkazish, kiritilgan ta’minot summasiga muvofiq har bir lot bo‘yicha auksiondan foydalanish, auksion g‘oliblarini aniqlash, bitimni ro‘yxatdan o‘tkazish va shartnomani shakllantirish davlat xaridlarining elektron tizimi tomonidan avtomatik rejimda amalga oshiriladi.
Auksionni o‘tkazish chog‘ida ishtirokchilar auksion boshlangan paytdan e’tiboran va u tamom bo‘ladigan paytga qadar butun muddat ichida narx bo‘yicha takliflarni cheklanmagan miqdorda berishga haqli.
Ishtirokchilarning nomi va ular bilan bog‘lanishga doir ma’lumotlar auksion g‘olibi aniqlanadigan paytga qadar davlat xaridlarining elektron tizimida aks ettirilmaydi.
Auksion tugaydigan vaqt kelganda davlat xaridlarining elektron tizimi auksion o‘tkazilgan vaqt davomida berilgan takliflar orasida eng past narxni taklif qilgan taklifni avtomatik ravishda aniqlab oladi. Eng past narx ko‘rsatilgan taklifni bergan ishtirokchi auksion g‘olibi sifatida davlat xaridlarining elektron tizimi tomonidan saralab olinadi. Ijrochining nomi davlat xaridlarining elektron tizimida aks ettirilib, ushbu tizim tuzilgan bitimni avtomatik ravishda qayd etadi va davlat buyurtmachisining buyurtmanomasida bayon etilgan shartlarga muvofiq shartnomani shakllantiradi.
55-modda. Auksionni o‘tkazilmagan deb e’lon qilishning umumiy tartibi va oqibatlari
Agar auksionda bir nafar ishtirokchi ishtirok etgan bo‘lsa yoki hech kim ishtirok etmagan bo‘lsa, auksion o‘tkazilmagan deb hisoblanadi va g‘olib aniqlanmaydi. Davlat buyurtmachisi auksionni uch ish kuniga uzaytirishi yoki xaridni ushbu Qonun talablariga muvofiq elektron do‘kon vositasida (ushbu Qonunning 49-moddasida belgilangan mezonlar doirasida) yoki eng yaxshi takliflarni tanlash orqali amalga oshirishi mumkin.
Auksionni uzaytirish avvalgi auksion tamom bo‘lgan paytdan e’tiboran uch ish kuni ichida davlat buyurtmachisi tomonidan amalga oshiriladi.
7-bob. Eng yaxshi takliflarni tanlash
56-modda. Eng yaxshi takliflarni tanlashni o‘tkazish mezonlari
Eng yaxshi takliflarni tanlash (bundan buyon matnda tanlash deb yuritiladi) vositasidagi davlat xaridi quyidagi shartlar bir vaqtning o‘zida bajarilgan taqdirda amalga oshiriladi:
g‘olibni aniqlash mezonlari tovar (ish, xizmat) davlat xaridining nafaqat pul ifodasiga, balki miqdoriy va sifat bahosiga ham ega bo‘ladi;
tovarning (ishning, xizmatning) qiymati bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh ming baravarigacha (budjet buyurtmachilari uchun olti ming baravarigacha) bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan davlat buyurtmachilariga tender o‘tkazmasdan xaridlarni amalga oshirish huquqi berilsa, xarid qilish tartib-taomili davlat xaridining summasidan qat’i nazar tanlash orqali amalga oshiriladi. Bunda tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh ming (budjet buyurtmachilari uchun olti ming) baravari miqdoridan oshgan hollarda davlat xaridiga doir texnik topshiriqlar qonunchilikda belgilangan tartibda ekspertiza uchun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasiga (bundan buyon matnda Kompleks ekspertiza qilish markazi deb yuritiladi) kiritiladi.
Tanlash majburiy tartibda elektron shaklda o‘tkaziladi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
57-modda. Tanlashni o‘tkazishda xarid komissiyasi
Davlat xaridini tanlash orqali amalga oshirish uchun davlat buyurtmachisining xodimlari orasidan kamida besh nafar a’zodan iborat tarkibda xarid komissiyasi tuziladi.
Tanlashni o‘tkazishda xarid komissiyasi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lishi lozim, har bir majlis va qabul qilingan qaror bayonnomalar bilan rasmiylashtirilishi kerak.
58-modda. Tanlash o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lon
Tanlash vositasidagi davlat xaridi to‘g‘risidagi axborot davlat buyurtmachisi tomonidan cheklanmagan miqdordagi shaxslarga maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga, shuningdek davlat buyurtmachisining xohishiga ko‘ra — uning rasmiy veb-saytiga yoki uning yuqori turuvchi organining rasmiy veb-saytiga, shuningdek ommaviy axborot vositalarida tanlash o‘tkazish to‘g‘risidagi e’lonni va tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlarini joylashtirish yo‘li bilan ma’lum qilinadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan davlat buyurtmachilariga tender o‘tkazmasdan xaridlarni amalga oshirish huquqi beriladigan bo‘lsa, tanlash o‘tkazish to‘g‘risidagi e’lon faqat davlat xaridiga doir texnik topshiriq bo‘yicha Kompleks ekspertiza qilish markazining ijobiy xulosasi olinganidan keyin joylashtiriladi.
Tanlash o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lon va tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlari davlat buyurtmachisi tomonidan takliflarni qabul qilish muddati tugaydigan sanadan kamida besh ish kuni oldin maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga, shuningdek davlat buyurtmachisining xohishiga ko‘ra — o‘zining rasmiy veb-saytiga yoki o‘zining yuqori turuvchi organining rasmiy veb-saytiga, shuningdek ommaviy axborot vositalarida joylashtiriladi.
Xarid qilinayotgan tovarning (ishning, xizmatning) o‘ziga xos xossalaridan yoki xususiyatlaridan kelib chiqib, davlat buyurtmachisi tanlash o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lonni ushbu moddaning uchinchi qismida belgilanganiga nisbatan uzoqroq muddatga joylashtirishga haqli.
Tanlash o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lon quyidagi axborotlarni o‘z ichiga olishi kerak:
tanlashni o‘tkazish shakli;
tovarning (ishning, xizmatning) batafsil tavsifi va boshlang‘ich narxi;
tanlash o‘tkaziladigan joyning manzili;
ishtirokchilarga qo‘yiladigan talablar;
davlat buyurtmachisining ishtirokchilar bilan bog‘lanish uchun aloqa bog‘lovchi shaxslar sifatida belgilangan bir yoki bir nechta mansabdor shaxslarining yoki boshqa xodimlarining familiyasi, ismi, sharifi, lavozimi va manzili;
ishtirokchilar tomonidan takliflar berish muddati tugaydigan sana va vaqt;
taklifni rasmiylashtirishga doir talablar.
Tanlash o‘tkazish to‘g‘risidagi e’lon va (yoki) tanlashda ishtirok etish uchun taklif qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa axborotlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
59-modda. Tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlari
Tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlari maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga tanlash o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lonni joylashtirish bilan bir vaqtda davlat buyurtmachisi tomonidan joylashtiriladi.
Tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
tanlash o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’londa ko‘rsatilgan axborot;
ijrochilar bilan hisob-kitoblarni shakllantirish uchun foydalaniladigan valyuta, to‘lov tartibi va yetkazib berish shartlari haqidagi axborot;
tanlashda ishtirok etish uchun taklifni davlat tilida va, zaruriyatga qarab, boshqa tillarda tayyorlash majburiyligi to‘g‘risidagi talab;
ishtirokchilarga tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlari qoidalariga doir tushuntirishlarni taqdim etish tartibi, taqdim etish muddati boshlanadigan va tugaydigan sana;
texnik topshiriq;
ushbu Qonunga muvofiq takliflarni baholash mezonlari va ko‘rib chiqish tartibi;
tanlash ishtirokchilari tomonidan korrupsiya ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ariza taqdim etish majburiyligi haqidagi talab.
Tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida davlat buyurtmachisi har bir tovar (ish, xizmat) xarid qilish tartib-taomilining alohida birligi sifatida ko‘rib chiqilishini e’lon qilishi mumkin. Bunday holda davlat buyurtmachisi turli tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish uchun tanlashning bir nechta ishtirokchisi bilan shartnomalar tuzishi mumkin, bunda har bir tovar (ish, xizmat) uchun faqat bitta g‘olib aniqlanishi mumkin. Har bir tovar (ish, xizmat) uchun g‘olib xarid qilish tartib-taomilining shartlariga ko‘ra alohida-alohida aniqlanadi.
Tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlariga ularning ajralmas qismi bo‘lgan shartnoma loyihasi ilova qilinadi.
Davlat buyurtmachisi xarid komissiyasi bilan kelishilgan tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlarini tasdiqlaydi.
Davlat buyurtmachisi xarid komissiyasi bilan kelishilgan holda tanlashda ishtirok etish uchun takliflar berish muddati tugaydigan sanadan bir ish kunidan kechiktirmay tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli. Bunda ushbu tanlashda takliflarni taqdim etishning tugash muddati kamida uch ish kuniga uzaytiriladi. Shu bilan birga, e’londa ko‘rsatilgan axborot o‘zgartirilgan bo‘lsa, tanlash o‘tkazish to‘g‘risidagi e’longa o‘zgartirishlar kiritiladi. Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
60-modda. Tanlash ishtirokchilarining takliflarini berish tartibi
Tanlash ishtirokchilarining takliflari e’londa va tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida belgilangan tartibda tanlash o‘tkazish to‘g‘risidagi e’londa ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha muhrlangan konvertlarda taqdim etiladi.
Elektron shaklda tanlash o‘tkazish chog‘ida tanlash ishtirokchilarining takliflarini berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Taklifda davlat xaridi obyekti bo‘lgan tovarning eskizi, rasmi, chizmasi, fotosurati va boshqa tasviri, nusxasi, namunasi bo‘lishi mumkin.
Tanlash ishtirokchisi taqdim etilayotgan axborot va hujjatlarning haqiqiyligi va to‘g‘riligi uchun javobgar bo‘ladi.
Tanlash ishtirokchisi faqat bitta taklif berishga haqli.
Tanlash uchun takliflarni qabul qilish maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimida chop etilgan e’londa ko‘rsatilgan muddat kelishi bilan tugatiladi.
61-modda. Tanlashni o‘tkazish
Agar tanlashda ishtirok etish uchun takliflarni taqdim etish muddati tugagan paytda faqat bitta taklif taqdim etilgan yoki birorta ham taklif taqdim etilmagan bo‘lsa, tanlash o‘tkazilmagan deb hisoblanadi. Bunda davlat buyurtmachisi ushbu Qonun talablariga muvofiq yangi tanlash o‘tkazishi yoxud elektron do‘kon (ushbu Qonunning 49-moddasida belgilangan mezonlar doirasida) yoki auksion orqali xaridni amalga oshirishi mumkin.
E’londa tanlash o‘tkaziladigan vaqt sifatida ko‘rsatilgan vaqtda tanlash komissiyasi tanlash ishtirokchilari tomonidan berilgan takliflar solingan konvertlarni takliflarni baholash uchun ochadi. Kelib tushgan takliflar xarid komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlari talablariga mos kelmaydigan takliflar xarid komissiyasi tomonidan rad etiladi va baholanmaydi. Tanlashni o‘tkazishda ishtirokchilarning boshlang‘ich narxdan yuqori bo‘lgan narx bo‘yicha takliflari xarid komissiyasi tomonidan rad etiladi va baholanmaydi.
Agar xarid komissiyasi tomonidan ishtirokchilardan tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida ko‘rsatilgan talablarga javob beradigan kamida ikkita taklif olingan bo‘lsa, tanlash o‘tkazilgan deb hisoblanadi.
Ishtirokchilarning barcha takliflari tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida ko‘rsatilgan mezonlar asosida baholanadi va tanlash o‘tkazish bayonnomasida qayd etiladi.
Tanlash ishtirokchilarining takliflarini ko‘rib chiqish va baholash muddati takliflar berish tugagan paytdan e’tiboran o‘n ish kunidan oshishi mumkin emas.
Ishtirokchilarning takliflarini baholash ikki bosqichda amalga oshirilishi mumkin.
Summasi bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdoridan oshmaydigan (budjet buyurtmachilari uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdoridan oshmaydigan) tanlash xarid komissiyasining ishtirokisiz o‘tkazilishi mumkin, biroq bir moliya yilida bir korporativ buyurtmachi uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir ming baravari miqdoridagi summadan ko‘p bo‘lmasligi va bir moliya yilida bir budjet buyurtmachisi uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravari miqdoridan oshmasligi kerak. Bunda g‘olib davlat buyurtmachisi tomonidan tanlash o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lonni joylashtirmasdan, ochiq axborot manbalaridan olingan narxlarni solishtirish yo‘li bilan yoki tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) potensial yetkazib beruvchilaridan narxlarni so‘rash yo‘li bilan aniqlanadi. Rasmiylashtirilgan hujjatlar, tuzilgan shartnomalar va ularga doir qo‘shimcha kelishuvlar to‘g‘risidagi axborot ular rasmiylashtirilgan yoki tuzilgan sanadan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portalida joylashtiriladi.
62-modda. Tanlash g‘olibini aniqlash
Takliflarni taqqoslash natijalariga ko‘ra xarid komissiyasi tanlash g‘olibini aniqlaydi va tanlash o‘tkazish natijalarini bayonnomada aks ettiradi.
Xarid komissiyasining qarori bilan tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida va taklifda ko‘rsatilgan mezonlarga muvofiq g‘olibning taklifidan keyingi eng maqbul taklifni taqdim etgan ishtirokchi sifatida e’tirof etilgan zaxiradagi g‘olib aniqlanishi mumkin.
Bayonnoma davlat buyurtmachisi tomonidan u rasmiylashtirilgan kunda davlat xaridlarining elektron tizimiga muhokama qilish uchun ikki ish kuniga joylashtirilishi kerak.
Agar ikki ish kuni ichida tanlash ishtirokchilari tomonidan tanlash o‘tkazish natijalari bo‘yicha e’tirozlar kelib tushmagan bo‘lsa, davlat buyurtmachisi va xarid komissiyasi tomonidan g‘olib deb topilgan ishtirokchi o‘rtasida shartnoma tuziladi.
Muhokama uchun belgilangan muddat tugaganidan keyin kelib tushgan e’tirozlar xarid komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.
Tanlash ishtirokchilari tomonidan tanlash o‘tkazish natijalari bo‘yicha e’tirozlar kelib tushganda, xarid komissiyasi e’tirozlarni ko‘rib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.
Davlat buyurtmachisi tomonidan xarid komissiyasiga taqdim etilgan muhokama natijalari to‘g‘risidagi axborot asosida xarid komissiyasining tegishli majlisi bayonnomasi rasmiylashtiriladi va imzolangan kundan boshlab uch ish kuni ichida davlat xaridlarining elektron tizimiga joylashtiriladi.
Tanlash natijalari bo‘yicha tuzilgan shartnoma to‘g‘risidagi axborot davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portaliga u tuzilgan kundan boshlab uch ish kunidan kechiktirmay joylashtiriladi.
63-modda. Tanlash natijalarini rasmiylashtirish
Tanlash natijalariga doir shartnoma tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida va o‘zi bilan shartnoma tuzilayotgan tanlash ishtirokchisi tomonidan taqdim etilgan taklifda nazarda tutilgan shartlar asosida tuziladi.
Davlat buyurtmachisi tomonidan tanlash bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida g‘olib shartnomaning shartlari bajarilishi ta’minotini taqdim etganidan keyin shartnoma tuzilishini nazarda tutuvchi shart qo‘yilishi mumkin.
G‘olib shartnoma tuzishni rad etgan taqdirda unga zakalat summasi qaytarib berilmaydi. Agar xarid komissiyasi tomonidan zaxiradagi g‘olib aniqlangan bo‘lsa, shartnoma tuzish va unga doir majburiyatlarni bajarish huquqi zaxiradagi g‘olibga o‘tadi. Bunda zaxiradagi g‘olib g‘olib tomonidan taklif etilgan narx bo‘yicha (bundan zaxiradagi g‘olib taklif etgan narx g‘olib tomonidan taklif etilgan narxdan past bo‘lgan hollar mustasno) shartnoma tuzadi yoki shartnoma tuzishni rad etishi mumkin.
Agar xarid komissiyasi tomonidan zaxiradagi g‘olib aniqlanmagan bo‘lsa yoki zaxiradagi g‘olib shartnoma tuzishni rad etgan bo‘lsa, davlat buyurtmachisi ushbu Qonun talablariga muvofiq yangi tanlash o‘tkazishi yoxud elektron do‘kon (ushbu Qonunning 49-moddasida belgilangan mezonlar doirasida) yoki auksion orqali xaridni amalga oshirishi mumkin.
8-bob. Tender
64-modda. Tender o‘tkazish mezonlari
Tender vositasidagi davlat xaridi quyidagi shartlar bir vaqtning o‘zida bajarilgan taqdirda amalga oshiriladi:
g‘olibni aniqlash mezonlari tovarning (ishning, xizmatning) nafaqat pul bilan baholanishini, balki miqdoriy va sifat jihatidan baholanishini ham o‘z ichiga oladi;
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh ming baravaridan ortiq (budjet buyurtmachilari uchun bazaviy hisoblash miqdorining olti ming baravaridan ortiq) miqdorni tashkil etadi.
Tender majburiy tartibda elektron shaklda o‘tkaziladi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
65-modda. Tender o‘tkazish bo‘yicha xarid komissiyasi
Davlat xaridini tender o‘tkazish orqali amalga oshirish uchun kamida yetti nafar a’zodan iborat tarkibda xarid komissiyasi tuziladi.
Shartnomani bajarishning eng yaxshi shartlari tender ishtirokchilarining takliflarini baholash bo‘yicha e’lon qilingan mezonlar asosida xarid komissiyasi tomonidan aniqlanadi.
Agar majlisda xarid komissiyasi a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, xarid komissiyasi vakolatli hisoblanadi. Barcha qabul qilingan qarorlar bayonnomalar bilan rasmiylashtirilishi kerak.
66-modda. Tender o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lon
Tender vositasidagi davlat xaridi to‘g‘risidagi axborot davlat buyurtmachisi tomonidan cheklanmagan miqdordagi shaxslarga maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga, shuningdek davlat buyurtmachisining xohishiga ko‘ra uning veb-saytiga yoki uning yuqori turuvchi organining rasmiy veb-saytiga, shuningdek ommaviy axborot vositalarida tender o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lonni va tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlarini joylashtirish yo‘li bilan ma’lum qilinadi.
Tender o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lon faqat tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlari yuzasidan Kompleks ekspertiza qilish markazining ijobiy xulosasi olinganidan keyin joylashtiriladi.
Tender o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lon tender ishtirokchilaridan takliflarni qabul qilish muddati tugaydigan sanadan kamida o‘n ikki ish kuni va ko‘pi bilan o‘ttiz ish kuni oldin maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga davlat buyurtmachisi tomonidan joylashtiriladi.
Tender o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lon quyidagi axborotni o‘z ichiga olishi kerak:
tenderni o‘tkazish shakli;
tovarning (ishning, xizmatning) batafsil tavsifi va boshlang‘ich narxi;
tender o‘tkaziladigan joyning manzili;
tender ishtirokchilariga qo‘yiladigan talablar;
davlat buyurtmachisining ishtirokchilar bilan bog‘lanish uchun aloqa bog‘lovchi shaxslar sifatida belgilangan bir yoki bir nechta mansabdor shaxslarining yoki boshqa xodimlarining familiyasi, ismi, sharifi, lavozimi va manzili;
takliflar berish muddati tugaydigan sana va vaqt;
tender taklifini rasmiylashtirishga doir talablar.
Tender o‘tkazish to‘g‘risidagi e’lon qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa axborotni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
67-modda. Tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlari
Tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlari maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga tender o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lonni joylashtirish bilan bir vaqtda davlat buyurtmachisi tomonidan joylashtiriladi.
Tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlari quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
tender o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’londa ko‘rsatilgan axborot;
shartnoma bahosini va ijrochilar bilan hisob-kitoblarni shakllantirish uchun foydalaniladigan valyuta hamda to‘lov tartibi haqidagi axborot;
tenderda ishtirok etish uchun taklifni davlat tilida va, zaruriyatga qarab, boshqa tillarda tayyorlash majburiyligi to‘g‘risidagi talab;
tender ishtirokchisi taklifining texnik va narxga oid qismi, ularni baholash tartibi haqidagi axborot;
tender ishtirokchilariga tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlari qoidalariga doir tushuntirishlarni taqdim etish tartibi, taqdim etish muddati boshlanadigan va tugaydigan sana;
texnik topshiriq;
ushbu Qonunga muvofiq tender ishtirokchilarining takliflarini baholash mezonlari va ko‘rib chiqish tartibi;
tender ishtirokchilari tomonidan korrupsiya ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha arizani taqdim etish majburiyligi haqidagi talab.
Tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida davlat buyurtmachisi har bir tovar (ish, xizmat) xarid qilish tartib-taomilining alohida birligi sifatida ko‘rib chiqilishini e’lon qilishi mumkin. Bunday holda davlat buyurtmachisi turli tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish uchun tenderning bir nechta ishtirokchisi bilan shartnomalar tuzishi mumkin, bunda har bir tovar (ish, xizmat) uchun faqat bitta g‘olib aniqlanishi mumkin. Har bir tovar (ish, xizmat) uchun g‘olib xarid qilish tartib-taomili shartlariga ko‘ra alohida-alohida aniqlanadi.
Tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlariga uning ajralmas qismi bo‘lgan shartnoma loyihasi ilova qilinadi.
Davlat buyurtmachisi xarid komissiyasi bilan kelishilgan tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlarini tasdiqlaydi.
Davlat buyurtmachisi xarid komissiyasi bilan kelishilgan holda tenderda ishtirok etish uchun takliflar berish muddati tugaydigan sanadan kamida bir ish kuni oldin tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli. Bunda ushbu tenderda takliflar berish tugaydigan muddat kamida o‘n ish kuniga uzaytiriladi. Shu bilan bir vaqtda, agar e’londa ko‘rsatilgan axborot o‘zgartirilgan bo‘lsa, tender o‘tkazish to‘g‘risidagi e’longa o‘zgartishlar kiritiladi. Tovarning (ishning, xizmatning) nomini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tender ishtirokchisi davlat buyurtmachisiga tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlari qoidalariga doir tushuntirishlar berish to‘g‘risida so‘rov yuborishga haqli. Mazkur so‘rov kelib tushgan sanadan e’tiboran ikki ish kuni ichida davlat buyurtmachisi, agar ushbu so‘rov davlat buyurtmachisiga takliflar berish muddati tugaydigan sanadan kamida ikki ish kuni oldin kelib tushgan bo‘lsa, tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlarining qoidalariga doir tushuntirishlarni yuboradi. Tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlarining qoidalariga doir tushuntirishlar ularning mazmun-mohiyatini o‘zgartirmasligi kerak.
Tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlari qonunchilikda belgilangan tartibda ekspertiza uchun Kompleks ekspertiza qilish markaziga kiritiladi.
Davlat buyurtmachisi tuzilgan shartnomalar, import kontraktlari va ularga qo‘shimcha kelishuvlarning xarid qilish hujjatlariga muvofiqligi va haqiqiyligi uchun javobgar bo‘ladi.
68-modda. Tender ishtirokchilarining takliflarini berish tartibi
Tender ishtirokchilarining takliflari e’londa va tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida belgilangan tartibda tender o‘tkazish to‘g‘risidagi e’londa ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha muhrlangan konvertlarda taqdim etiladi.
Elektron shaklda tender o‘tkazish chog‘ida tender ishtirokchilarining takliflarini berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Taklifda davlat xaridi obyekti bo‘lgan tovarning eskizi, rasmi, chizmasi, fotosurati va boshqa tasviri, nusxasi, namunasi bo‘lishi mumkin.
Tender ishtirokchisi taqdim etilayotgan axborot va hujjatlarning haqiqiyligi va to‘g‘riligi uchun javobgar bo‘ladi.
Tender ishtirokchisi faqat bitta taklif berishga haqli.
Tenderda ishtirok etish uchun takliflarni qabul qilish maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimida chop etilgan e’londa ko‘rsatilgan muddat kelishi bilan tugatiladi.
Agar takliflar berish muddati tugagan vaqtda tender ishtirokchilaridan kamida ikkita taklif olingan bo‘lsa, tender ishtirokchilarining takliflari xarid komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Tenderda bitta ishtirokchi ishtirok etgan yoki hech kim ishtirok etmagan bo‘lsa, tender o‘tkazilmagan deb topiladi. Bunday holda davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomilini ayni o‘sha shartlarda hamda tovarga (ishga, xizmatga) doir ayni o‘sha mezonlarga va talablarga muvofiq takroran amalga oshirishi shart. Tovarga (ishga, xizmatga) doir baholash shartlari, mezonlari va talablarni o‘zgartirish zarur bo‘lganda, xarid komissiyasi asoslarni ko‘rsatgan holda tegishli qarorni qabul qiladi. Tender ishtirokchisi bunday takliflarni berish muddati tugaguniga qadar berilgan taklifni qaytarib olishga yoki unga o‘zgartishlar kiritishga haqli.
69-modda. Tender ishtirokchilarining takliflarini ko‘rib chiqish va baholash
Tender ishtirokchilarining takliflarini ko‘rib chiqish va baholash muddati takliflar berish tugagan paytdan e’tiboran qirq besh ish kunidan oshishi mumkin emas.
Agar taklif ushbu Qonunning va tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlarining talablariga muvofiq kelsa, u tegishli tarzda rasmiylashtirilgan deb topiladi.
Agar taklifni kiritgan tender ishtirokchisi ushbu Qonunda belgilangan talablarga mos kelmasa yoki tender ishtirokchisining taklifi tegishli tarzda rasmiylashtirilmagan bo‘lsa, shuningdek tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlari talablariga muvofiq kelmasa, xarid komissiyasi taklifni rad etadi.
E’londa tender o‘tkazish vaqti sifatida ko‘rsatilgan vaqtda xarid komissiyasi tender ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan takliflar solingan konvertlarni takliflarni baholash uchun ochadi. Agar takliflar solingan konvertlar belgilangan vaqtda ochilmagan bo‘lsa, davlat buyurtmachisi tender ishtirokchilariga ushbu holat yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish bergan holda, takliflar solingan konvertlar ochiladigan vaqt haqida xabarnoma yuborilishini va davlat xaridlarining elektron tizimiga joylashtirilishini ta’minlaydi. Bunda takliflar solingan konvertlar ochiladigan dastlabki belgilangan vaqt va keyingi vaqt oralig‘idagi muddat besh ish kunidan oshmasligi kerak.
Tender takliflari solingan konvertlarni ochish jarayoni vaqtida davlat buyurtmachisi tomonidan videoyozuv amalga oshiriladi hamda konvertlarni ochish jarayonida ishtirokchilarning taqdim etgan barcha hujjatlari va tijorat taklifining narxi o‘qib eshittiriladi, bundan tender elektron shaklda o‘tkaziladigan hollar mustasno.
Tender ishtirokchisi tomonidan taqdim etilgan hujjatlardagi axborotning ishonchsiz ekanligi aniqlangan taqdirda, xarid komissiyasi bunday ishtirokchini xarid qilish tartib-taomilining istalgan bosqichida tenderda ishtirok etishdan chetlatishga haqli.
Tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida ko‘rsatilgan mezonlar asosida tender g‘olibini aniqlash uchun xarid komissiyasi rad etilmagan takliflarni baholashni amalga oshiradi.
Birinchi bosqichda tender ishtirokchisi taklifining texnik qismini baholash amalga oshiriladi. Xarid komissiyasining tender taklifining texnik qismini baholash bo‘yicha qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi, bayonnomada tenderning birinchi bosqichini baholash yakunlari ko‘rsatiladi.
Tenderning ikkinchi bosqichi tenderning birinchi bosqichidan o‘tgan kamida ikki nafar ishtirokchining takliflari mavjud bo‘lganda o‘tkaziladi.
Tenderning ikkinchi bosqichida taklifning narxga oid qismi ochiladi va baholanadi. Xarid komissiyasining tender taklifining narxga oid qismini baholash bo‘yicha qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi, bayonnomada tenderning ikkinchi bosqichi g‘olibi aniqlanadi. Tenderda ishtirokchilarning narxi boshlang‘ich narxdan yuqori bo‘lgan takliflari xarid komissiyasi tomonidan rad etiladi va baholanmaydi.
Tender ishtirokchisining vakolatli vakili takliflar solingan konvertlarni ochish tartib-taomilida ishtirok etishga haqli.
Takliflarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha:
birinchi bosqichda — agar xarid komissiyasi barcha takliflarni rad etgan bo‘lsa yoki faqat bitta taklif tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlari talablariga muvofiq kelsa;
ikkinchi bosqichda — agar xarid komissiyasi barcha takliflarni rad etgan bo‘lsa, tender o‘tkazilmagan deb topiladi.
Xarid qilinayotgan tovarning (ishning, xizmatning) texnik xususiyatlaridan kelib chiqib, tender bir bosqichda o‘tkazilishi mumkin. Bunda davlat buyurtmachisi bu haqda tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida ko‘rsatishi kerak. Mazkur holatda tender taklifining texnik va narxga oid qismlarini ochish hamda baholash bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi.
Tender bir bosqichda o‘tkazilganda, agar xarid komissiyasi barcha takliflarni rad etgan bo‘lsa yoki faqat bitta taklif tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlari talablariga muvofiq kelsa, tender o‘tkazilmagan deb topiladi.
Tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida va taklifda ko‘rsatilgan mezonlar asosida shartnomani bajarishning eng yaxshi shartlarini taklif qilgan tender ishtirokchisi g‘olib deb topiladi.
Tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida va taklifda ko‘rsatilgan mezonlarga muvofiq g‘olibning taklifidan keyingi eng maqbul taklifni taqdim etgan deb topilgan ishtirokchi xarid komissiyasining qarori bilan zaxiradagi g‘olib deb belgilanishi mumkin.
Agar tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida tenderning har bir tovari (ishi, xizmati) xarid qilish tartib-taomilining alohida birligi sifatida ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan bo‘lsa, xarid komissiyasi g‘olibni tenderning har bir predmeti bo‘yicha aniqlaydi.
Takliflarni ko‘rib chiqish va baholash natijalari takliflarni ko‘rib chiqish hamda baholash bayonnomasida qayd etiladi.
Takliflarni ko‘rib chiqish va baholash bayonnomasida quyidagi axborot bo‘lishi kerak:
tender takliflari ko‘rib chiqiladigan hamda baholanadigan sana va vaqt to‘g‘risidagi;
hozir bo‘lgan xarid komissiyasi a’zolarining va tender ishtirokchilari vakolatli vakillarining tarkibi haqidagi;
takliflari ko‘rib chiqilgan tender ishtirokchilari to‘g‘risidagi;
takliflari ularni rad etishning aniq sabablari ko‘rsatilgan holda rad etilgan tender ishtirokchilari haqidagi;
tender g‘olibi to‘g‘risida qabul qilingan qaror haqidagi;
tender g‘olibining nomi (yuridik shaxs uchun), familiyasi, ismi, otasining ismi (jismoniy shaxs uchun), turgan joyi (pochta manzili).
Tender bosqichlarida takliflarni ko‘rib chiqish va baholash bayonnomasi xarid komissiyasining hozir bo‘lgan barcha a’zolari tomonidan imzolanadi hamda undan olingan ko‘chirma bayonnoma imzolangan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida davlat xaridlarining elektron tizimida e’lon qilinadi.
Tenderning istalgan ishtirokchisi takliflarni ko‘rib chiqish va baholash bayonnomasi e’lon qilinganidan keyin davlat buyurtmachisiga tender natijalari bo‘yicha tushuntirishlarni taqdim etish to‘g‘risida so‘rov yuborishga haqli. Davlat buyurtmachisi bunday so‘rov kelib tushgan sanadan e’tiboran uch ish kuni ichida tender ishtirokchisiga tegishli tushuntirishlarni taqdim etadi.
Davlat buyurtmachisi va xarid komissiyasi takliflarni qabul qilish tugaydigan paytga qadar ularni muhokama qilishga haqli emas.
70-modda. Tender natijalari bo‘yicha shartnoma tuzish
Tender natijalari bo‘yicha shartnoma tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida va shartnoma tuzilayotgan tender ishtirokchisi tomonidan berilgan taklifda ko‘rsatilgan shartlar asosida tuziladi.
G‘olib shartnoma tuzishdan bosh tortgan taqdirda unga zakalat summasi qaytarib berilmaydi. Agar xarid komissiyasi tomonidan zaxiradagi g‘olib aniqlangan bo‘lsa, shartnoma tuzish va unga doir majburiyatlarni bajarish huquqi zaxiradagi g‘olibga o‘tadi. Bunda zaxiradagi g‘olib g‘olib tomonidan taklif etilgan narxda (bundan zaxiradagi g‘olib taklif etgan narx g‘olib tomonidan taklif etilgan narxdan past bo‘lgan hollar mustasno) shartnoma tuzadi yoki shartnoma tuzishdan bosh tortishi mumkin. Agar xarid komissiyasi tomonidan zaxiradagi g‘olib aniqlanmagan bo‘lsa yoki zaxiradagi g‘olib shartnoma tuzishdan bosh tortsa, davlat buyurtmachisi yangi tender o‘tkazadi.
Tender natijalari bo‘yicha tuzilgan shartnoma to‘g‘risidagi axborot davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portaliga u tuzilgan sanadan boshlab uch ish kunidan kechiktirmay joylashtiriladi.
9-bob. To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha amalga oshiriladigan davlat xaridlari
71-modda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi
To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha davlat xaridlari quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin:
Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritilgan yagona yetkazib beruvchi bilan davlat xaridini amalga oshirish uchun ruxsat etilgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha amalga oshiriladigan tovarning (ishning, xizmatning) davlat xaridi;
favqulodda holatlarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ehtiyojlarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi;
sud muhokamasida ishtirok etish uchun advokatni (vakilni) tayinlash bilan bog‘liq bo‘lgan davlat xaridi;
ilm-fan, adabiyot va san’at asarlari, ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari kabi intellektual faoliyat natijalarining mazkur intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqqa ega bo‘lgan yagona shaxsdan davlat xaridi;
narxi (tarifi) davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi.
Davlat buyurtmachilari to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzilganligi to‘g‘risidagi axborotni shartnoma tuzilgan paytdan e’tiboran uch ish kuni ichida maxsus axborot portaliga joylashtirishi shart.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzilganligi to‘g‘risidagi axborot maxsus axborot portaliga joylashtirilmagan bo‘lsa, ushbu shartnomalar bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilmaydi.
Davlat buyurtmachisi ushbu moddada nazarda tutilgan davlat xaridlarini amalga oshirish chog‘ida xarid qilish tartib-taomillarining boshqa raqobatli turlaridan ham ushbu Qonun talablariga muvofiq foydalanishi mumkin.
Agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlarida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida tovarning (ishning, xizmatning) davlat xaridini to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshirishga ruxsat berilsa, shartnoma va shartnomaga oid qo‘shimcha kelishuvlar Kompleks ekspertiza qilish markazida kompleks ekspertizadan o‘tkazilishi lozim, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-sentabrdagi PQ-3953-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxati, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-iyuldagi 473-sonli “Davlat buyurtmachilari tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) davlat xaridlarida uzluksizlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
72-modda. Yagona yetkazib beruvchidan davlat xaridi
Ushbu Qonunda belgilangan tartibda yagona yetkazib beruvchi deb topilgan va Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchisi yagona yetkazib beruvchidir.
Yagona yetkazib beruvchidan tovar (ish, xizmat) olish zarur bo‘lgan taqdirda, yetkazib beruvchi hamda davlat buyurtmachisi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuziladi va bu shartnoma to‘g‘risidagi axborot u tuzilgan paytdan e’tiboran uch ish kuni ichida maxsus axborot portaliga joylashtirilishi lozim.
Yagona yetkazib beruvchidan davlat xaridi quyidagi alohida hollarda amalga oshiriladi:
bozorda muqobillari bo‘lmagan va faqat yagona yetkazib beruvchidan olish mumkin bo‘lgan texnik jihatdan murakkab tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi;
madaniy qimmatliklarni olish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlarida yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida yagona yetkazib beruvchi sifatida belgilangan subyektlardan davlat xaridlari;
tabiiy monopoliya subyekti tovarlarining (ishlarining, xizmatlarining) davlat xaridi;
o‘z vakolatlariga muvofiq faqat davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari yoki ularning tasarrufidagi davlat muassasalari va tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ishlarga yoki ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan xizmatlarga ehtiyoj paydo bo‘lishi.
73-modda. Yagona yetkazib beruvchilar reyestri
Yagona yetkazib beruvchilar reyestri vakolatli organ tomonidan maxsus axborot portalida yuritiladigan axborot resursidir.
Yagona yetkazib beruvchilar reyestri yagona yetkazib beruvchidan davlat xaridini amalga oshirish uchun ruxsat etilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxati va yagona yetkazib beruvchilar ro‘yxatidan iboratdir.
10-bob. Xarid qilish tartib-taomillarini monitoring va nazorat qilish
74-modda. Davlat xaridlari sohasidagi monitoring va nazorat
Davlat xaridlari sohasidagi monitoring davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini, davlat xaridlarining ushbu Qonunda belgilangan maqsadlari, prinsiplari va cheklovlari amalga oshirilishini davlat xaridlarining o‘tkazilishi haqidagi axborotni to‘plash, umumlashtirish, tizimlashtirish va baholash orqali doimiy asosda kuzatish tizimidir.
Davlat xaridlari sohasidagi nazorat mazkur sohadagi qonunchilik talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qo‘yishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimidir.
Qonunchilikda belgilangan tartibda statistik va boshqa axborotni taqqoslash hamda tahlil qilish orqali amalga oshiriladigan tekshirishlar davlat organlarining davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etishi ustidan nazorat qilishning asosiy shaklidir.
Davlat xaridlari sohasidagi monitoring va nazorat tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat xaridlarini amalga oshiruvchi davlat organlari o‘z tasarrufidagi davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari bo‘yicha monitoring va nazorat o‘tkazishga haqlidir.
Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish chog‘ida qonunchilikda nazarda tutilmagan tekshirishlar o‘tkazilishiga va hisobot berish shakllarini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
75-modda. Xarid qilish tartib-taomillarining davlat nazorati
Ushbu Qonunning va davlat xaridlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlarining to‘g‘ri qo‘llanilishi ustidan davlat nazoratini quyidagilar o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradi:
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi;
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi.
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlarini auditdan o‘tkazadi va audit natijalarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga har yilning yakuni bo‘yicha kiritadigan hisobotida ko‘rsatadi, shuningdek ochiq axborot manbalariga joylashtiradi.
Ushbu Qonunning va davlat xaridlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlarining to‘g‘ri qo‘llanilishi ustidan davlat nazoratini qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatli davlat organlari ham o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradi.
76-modda. Xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazorati
Xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazorati davlat xaridlarini rivojlantirish va takomillashtirishga ko‘maklashish, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishlarining oldini olish va ularni aniqlash hamda davlat buyurtmachilarini, vakolatli davlat organlarini aniqlangan qoidabuzarliklar haqida xabardor qilish maqsadida amalga oshiriladi.
Xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazorati ochiqlik va shaffoflik prinsiplarini ro‘yobga chiqarish vositasida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga haqli.
Jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari:
davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflar tayyorlashga;
xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish va shartnomalarni bajarishning borishi to‘g‘risida axborot taqdim etish haqidagi so‘rovlarni davlat buyurtmachilariga yuborishga;
xarid qilish tartib-taomillari yuzasidan mustaqil monitoringni va davlat xaridlari samaradorligini baholashni, shu jumladan ularning ushbu Qonun talablariga muvofiqligini baholashni amalga oshirishga;
tekshiruv tadbirlarini o‘tkazish tashabbusi bilan davlat organlariga murojaat qilishga;
davlat buyurtmachisi, davlat xaridlari elektron tizimi operatori, vakolatli organ, xarid komissiyalari va ularning a’zolari harakatlarida (harakatsizligida) qoidabuzarliklar aniqlangan hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga;
qonunchilikka muvofiq sudga murojaat qilishga haqli.
77-modda. Loyihaga doir faoliyat bo‘yicha davlat xaridlarining samaradorligi va natijadorligi tahlili
Loyihaga doir faoliyat bo‘yicha amalga oshirilgan davlat xaridlarining samaradorligi va natijadorligi tahlili tegishli vakolatli organ tomonidan o‘tkaziladi.
O‘tkazilgan tahlil natijalari bilan davlat buyurtmachisining rahbari yoki loyihani boshqarish bo‘yicha davlat buyurtmachisi tomonidan tayinlangan vakil imzo qo‘ygan holda tanishib chiqadi.
Davlat xaridlarining samaradorligi va natijadorligi yuzasidan loyihadan keyingi monitoring loyiha bo‘yicha davlat xaridi tugallanganidan keyin uch yil ichida tegishli vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
11-bob. Shikoyatlarni ko‘rib chiqish
78-modda. Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya
Vakolatli organ tomonidan shikoyatlarni adolatli, tezkor va samarali ko‘rib chiqish maqsadida doimiy ravishda faoliyat ko‘rsatadigan Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya tuziladi, uning tarkibi tegishli davlat organlari, davlat xaridlari elektron tizimining operatorlari va jamoatchilik vakillaridan iborat bo‘ladi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaga kelib tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
Vakolatli organ Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning ishchi organi bo‘lib, uning faoliyatini tashkil etadi.
Har bir ishtirokchi, shuningdek nazoratni amalga oshirayotgan shaxslar davlat buyurtmachisining, xarid komissiyasining, uning a’zolarining, davlat xaridlari elektron tizimi operatorining harakatlari (harakatsizligi) ustidan, agar bunday harakatlar (harakatsizlik) ishtirokchining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan bo‘lsa, sud tartibida yoki ushbu bobda belgilangan tartibda Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaga shikoyat qilish huquqiga ega.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2018-yil 1-maydagi 180-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi nizom. (ro‘yxat raqami 3013, 14.05.2018.)
79-modda. Shikoyatlarni berish va ko‘rib chiqish tartibi
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya shikoyatni qabul qilib olganda shikoyat kelib tushgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida shikoyat haqida davlat buyurtmachisini xabardor qiladi hamda xarid qilish tartib-taomilini o‘n ish kunigacha bo‘lgan umumiy muddatga to‘xtatib turadi.
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya shikoyatni davlat buyurtmachisi va ishtirokchining ishtirokida ko‘rib chiqadi, bundan ishtirokchi shikoyatni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqishga rozilik bildirgan yoki uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan hollar mustasno.
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya shikoyat olinganidan keyin yetti ish kuni ichida u bo‘yicha qaror chiqarishi va bu haqdagi axborotni maxsus axborot portalida joylashtirishi kerak.
Qabul qilingan qarorda oshkor etilishi ishtirokchining (ijrochining) tijoratga oid manfaati buzilishiga olib keladigan yoki insofli raqobatga xavf soladigan axborot bo‘lmasligi kerak, bundan Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya ushbu axborotni e’lon qilish to‘g‘risida qaror chiqargan hollar mustasno.
Ishtirokchining shikoyati asosli deb topilgan taqdirda, Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya quyidagi choralarni ko‘rishi mumkin:
davlat buyurtmachisining qonunga xilof harakatlariga, qarorlariga yoki u tomonidan qonunga xilof tartib-taomillar bajarilishiga doir taqiq belgilash;
davlat buyurtmachisining qonunga xilof qarorlarini, shu jumladan davlat xaridlari sohasidagi hujjatlarning shartlarini buzadigan qarorlarini qisman yoki to‘liq bekor qilish;
xarid qilish tartib-taomillarini tugatish haqida qaror chiqarish;
ijrochini Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritish.
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning qarorlari davlat xaridlarining barcha subyektlari tomonidan ijro etilishi shart.
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya o‘z faoliyatini ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
Ijrochi Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning qarori ustidan sud tartibida shikoyat qilishi mumkin.
12-bob. Yakunlovchi qoidalar
80-modda. Nizolarni hal etish
Davlat xaridlari sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
81-modda. Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Davlat xaridlari subyektlari va ularning mansabdor shaxslari ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi va shartnoma bo‘yicha o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlar lozim darajada bajarilishi uchun javobgar bo‘ladi.
Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1758-moddasi.
82-modda. Ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
1) O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 9-aprelda qabul qilingan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-472-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2018-yil, № 4, 220-modda);
2) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibi takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-586-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 12, 880-modda) 53-moddasi.
83-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
84-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
85-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Eng yaxshi takliflarni tanlash va tender xarid qilish tartib-taomillarini majburiy tartibda elektron shaklda o‘tkazish to‘g‘risidagi talab 2022-yil 1-yanvardan e’tiboran amalga kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 22-aprel,
O‘RQ-684-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.04.2021-y., 03/21/684/0367-son)